O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha tashkil qilingan Call-markazlarga murojaatlar soni ko‘paygan, deya xabar bermoqda «O‘zbekiston 24» telekanali.

Ma’lum qilinishicha, hozirda Call-markazda 30 nafar mutaxassis uch smenada qo‘ng‘iroqlarni qabul qilmoqda.

Qayd etilishicha, hozirda Call-markazga kuniga 1100−1200 ta murojaat kelib tushmoqda. Bu 20 kun avvalga qaraganda 3 barobar ko‘p.

«Aholidan kecha [4 iyul kuni] 1360 ta murojaat kelib tushgan. 20 kun avval kuniga 300−400 ta qo‘ng‘iroq bo‘lib turardi» — deydi Call-markaz mutaxassisi Feruz Tojiyev.

Ta’kidlanishicha, murojaatchilarning aksariyati Toshkent shahri va viloyatlardagi COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarni qabul qilayotgan shifoxonalarning manzili va telefon raqamini so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 16 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 1003 yagona qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirilgan edi.