Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda yigit bir qizni majburlab, tegajog‘lik qilayotgani va kaltaklayotgani videosi tarqaldi. Holat yuzasidan bolalar ombudsmani ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, bolalar ombudsmaniga 2024-yilning 24-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro O.Yu. dan murojaat kelib tushgan. Murojaatda Chiroqchi tumanida yashovchi voyaga yetmagan qiz B.B.ga (2006-yilda tug‘ilgan) nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilinib, bu videoga olingani va tasvirni tarqatish bilan tahdid qilinayotgani bildirilgan.

Aniqlanishicha, 2023-yil iyul oyida B.B.ga Sh. X. tomonidan jinsiy tegajog‘lik qilinib, bu holat boshqa shaxs — J.M. tomonidan telefon orqali videotasvirga olingan. Keyinchalik J.M. videotasvirni tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, qizdan tovlamachilik yo‘li bilan pul olgan, ammo shundan keyin ham videotasvirni tarqatish bilan tahdidni davom ettirib, tovlamachilik qilib kelgan.

Mazkur holat bo‘yicha B.B. (2006-yilda tug‘ilgan) 2024-yilning 30-mart kuniga kelibgina tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiyot, kriminalistika va biologiya ekspertizalari tayinlangan.

2024-yilning 8-aprel kuni Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 118-moddasi 1-qismi (Nomusga tegish) va 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi Qashqadaryo viloyati prokuraturasi nazoratida ekani, bolalar ombudsmani esa bu borada o‘z kuzatuvini davom ettirishi ta’kidlandi.

Bolalar ombudsmani OAVda internet orqali voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarliklar yuzasidan foto yoki videotasvirlarni ochiq holda tarqatish shaxs, shu jumladan, bola manfaatlariga mutlaqo zidligini va buning uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik ko‘zda tutilganini eslatdi.