6 iyul kuni Samarqand viloyati hokimi ishtirokida hokimlik soati bo‘lib o‘tdi va unda viloyatda koronavirusga chalinish holatlari bo‘yicha ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, viloyatda joriy yilning 1−10 iyun kunlari 233 nafar bemorda COVID-19 infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, 25 iyundan 5 iyulgacha 860 nafar fuqaro kasallikka chalingan.

5 iyul holatiga viloyatda 524 nafar bemor (147 nafari kasallikning simptomsiz yengil shakllari bilan uy sharoitida, 377 nafari og‘ir va o‘rta og‘ir shakli bilan statsionarda) koronavirusdan davolanmoqda.

«Gazeta.uz» muxbiri Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilayotgan kunlik statistika bo‘yicha Samarqand viloyatida qayd etilgan kasalliklar sonini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, viloyatda 25 iyundan 5 iyulgacha 693 kishida kasallik qayd etilgan.

Xususan, SSVning ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand viloyatida 25 iyun kuni 90 kishi, 26 iyun kuni 85 kishi, 27 iyun kuni 58 kishi, 28 iyun kuni 85 kishi, 29 iyun kuni 85 kishi, 30 iyun kuni 72 kishi, 1 iyul kuni 52 kishi, 2 iyul kuni 32 kishi, 3 iyul kuni 41 kishi, 4 iyul kuni 44 kishi, 5 iyul kuni 49 kishi koronavirus kasalligiga chalingan.

O‘tgan yilning oktyabr oyida ham Samarqand viloyatidagi koronavirus holatlari bo‘yicha xatoliklar kuzatilgan edi. O‘shanda, Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqand viloyatida 143 nafar koronavirus bemori mavjudligini e’lon qilgan bo‘lsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi haqiqiy raqamlar 1155 nafarni tashkil etishini ma’lum qilgan. Agentlik rahbari Akmal Burxonov bunday vaziyat barcha hududlarda kuzatilayotganini ta’kidlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, o‘tgan haftadan Samarqand viloyatida ham 18 yoshdan katta bo‘lgan aholini koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda ommaviy emlash ishlari boshlandi.