O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni Prezident davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat 2020 yilning 26 dekabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 29 may kuni Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Avval xabar qilinganidek, qonunni qabul qilish zarurati 2018 yilning yanvar oyida tashkil etilgan O‘zbekiston Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati faoliyati davlat rahbarining yopiq qarorlari bilan tartibga solingani, ochiq tarzdagi normativ-huquqiy xujjatlar mavjud emasligi bilan asoslandi.

Qonun 8 bob, 49 moddadan iborat bo‘lib, PDXXning asosiy vazifalari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va prinsiplari, huquq va majburiyatlari, qo‘riqlanadigan shaxslar va obyektlar, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar, sovuq o‘qotar qurollarni qo‘llash shartlari va boshqalarni qamrab olgan.

Hujjatga muvofiq, PDXXga prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi. PDXX bevosita prezidentga bo‘ysunadi va unga hisobdor. Uning faoliyati ustidan nazorat bosh prokuror va unga bo‘ysunadigan prokurorlar tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. PDXX harbiy xizmatchilarining qonuniy talablari fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy.

PDXX tomonidan qo‘riqlanadigan shaxslar quyidagilardan iborat:

  • Prezident saylovi natijalari MSK tomonidan rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran O‘zbekiston prezidenti va uning oila a’zolari;
  • Sobiq prezident va uning butun hayoti davomida oila a’zolari;
  • Yangi saylangan prezident lavozimiga kirishguniga qadar prezident vazifalarini va vakolatlarini bajaruvchi shaxs;
  • O‘zbekiston hududida bo‘lgan vaqtda chet davlatlarning, hukumatlarning, parlamentlarning, xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, chet davlatlarning boshqa siyosiy va jamoat arboblari, shuningdek, ularga hamrohlik qilayotgan oila a’zolari.

PDXX huquqlari qatoridan tezkor qidiruv hamda kontrrazvedka faoliyatini olib borish, tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish, gumondor, huquqbuzarlik sodir etayotgan yoki sodir etgan shaxslarni ushlab turish, qo‘riqlanadigan shaxslar turgan obyektlar, harakatlanish yo‘nalishlari va ularga tutash hududlar ustida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishni taqiqlash, navigatsiya signallariga to‘siq qo‘yish, shuningdek, mazkur apparatlarga shikast yetkazish yoki ularni yo‘q qilish kabilar o‘rin olgan.

PDXX majburiyatlari qatoriga qo‘riqlanadigan shaxslar va obyektlar xavfsizligini ta’minlashdan tashqari, terrorizmga qarshi kurashish, qo‘riqlanadigan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga tahdidlarning (tajovuzlarning) oldini olish hamda choralar ko‘rish yuzasidan monitoringni amalga oshirish kiradi.

PDXX harbiy xizmatchilari jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar, sovuq va o‘qotar qurollarni qo‘llash huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, Prezident davlat xavfsizlik xizmati 2018 yil fevral oyida tashkil etilgan. 2019 yil avgustida Davlat xavfsizlik xizmatining prezident, uning oila a’zolari, shuningdek xorijiy davlatlar rahbarlarini O‘zbekistonga tashriflari chog‘ida himoya qilish bo‘yicha vakolatlari PDXXga o‘tkazildi.

2020 yil dekabr oyida ushbu xizmatga Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Alisher Usmonov rahbar bo‘ldi. Ushbu lavozimda ishlagan Bahodir Toshmatov esa prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari etib tayinlandi.