Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koronavirusga qarshi majburiy emlash g‘oyasini to‘g‘ri deb hisoblaydi. Bu haqda u seshanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 3000 dan ortiq emlash markazlari va 800 ta mobil guruhlar tashkil etilgan, ammo emlash darajasi pastligicha qolmoqda.

«Afsuski, biz kuniga 130−140 ming kishini emlayapmiz. Hozirga qadar O‘zbekistonda 4,2 mln dozadan ortiq vaksinalar ishlatilgan. Deyarli 700 ming kishi butun emlash kursini to‘liq yakunladi. Bu juda kichik ko‘rsatkich», — deya qo‘shimcha qiladi Nurmat Otabekov.

SES rahbari o‘rinbosarining fikriga ko‘ra, O‘zbekiston emlash orqali aholining 60−70 foizida kollektiv immunitetni shakllantirishni ta’minlamaguncha, «vaziyatni barqaror ushlab turish mumkin bo‘lmaydi».

«Mening fikrimcha, majburiy emlash — bu to‘g‘ri g‘oya. Chunki biz o‘zimizni emlash orqali himoya qilamiz. Emlanish orqali biz nafaqat o‘zimizni, balki atrofimizni ham kasallikdan himoya qilamiz. Ehtimol, Rossiyaning tajribasini qo‘llash kerak, u yerda emlanmaganlarga ish joyiga borishga ruxsat berilmaydi», — dedi mutaxassis.

Nurmat Otabekovning aytishicha, O‘zbekistonda emlash bepul va ixtiyoriy bo‘lib qolmoqda.

Koronavirus shtabi a’zosi, shuningdek, karantin cheklovlarining kuchaytirilishi fuqarolarning iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatishini tushuntirdi. Shu bilan birga, u qat’iy cheklovlar bilan epidemiologik vaziyatni tezda barqarorlashtirish mumkinligini tan oldi.

Rossiyaning bir qator hududlarida fuqarolarning ayrim toifalarini koronavirusga qarshi majburiy emlash joriy etilmoqda. Moskva shahrida birinchi bo‘lib aholining bir qismini majburiy emlash joriy qilindi. Uning ortidan xuddi shu qaror Leningrad, Tver, Kemerovo, Sverdlovsk, Smolensk va boshqa viloyatlarning hukumatlari tomonidan qabul qilindi. Majburiy emlashdan tashqari, Moskva va viloyatlarda qo‘shimcha cheklovlar joriy etilmoqda.

Shuningdek, Tojikiston hukumati mamlakatning 18 yoshdan katta aholisi uchun koronavirusga qarshi majburiy emlashni e’lon qildi. Bugungi kunda mamlakatda Hindistonda ishlab chiqarilgan AstraZeneca vaksinasi va CinoVac kompaniyasining CinoVac vaksinalari qo‘llanilmoqda.

Uch oy ichida O‘zbekistonda, SSV ma’lumotlariga ko‘ra, 685,5 ming kishi koronavirusga qarshi to‘liq emlandi. Bu doimiy aholining (33,9 million) 2 foizi yoki 19 yoshdan katta bo‘lgan aholining 3,1 foizi demakdir.