O‘zbekiston tumani hokimligining yer nazorati inspektori hokimiyat balansidagi 3 gektar yerni ochiq elektron platforma orqali yutib berish evaziga 4 ming dollar olganlikda gumonlanmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Nurota tumani FVV xodimi fermer xo‘jaligi rahbari bilan birga 80 gektar yerni 1 mlrd so‘mga sotishga kelishib, fuqarodan pulning 700 mln so‘mini olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Shunday noqonuniy holat Andijon va Samarqand viloyatlarida ham qayd etildi.
O‘rta Chirchiq tumani va Nukus shahrida bo‘sh yer maydonni 14 500 dollar va 37 mln so‘mga sotayotgan shaxslar aniqlandi. Holat yuzasidan tergov harakatlari boshlandi.
DXX Sirdaryo va Andijon viloyatlarida yerni mos ravishda 12,5 ming dollar va 148,2 mln so‘mga noqonuniy sotishga uringanlikda gumonlanganlarni qo‘lga oldi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Navoiy viloyatida issiqxona qurish uchun mo‘ljallangan 2 gektar yerni sotmoqchi bo‘lgan uch nafar shaxs ushlandi. Hokimlik tomonidan ajratilgan yer uylar qurish uchun sotib yuborilishi oldi olindi.
Yangiyo‘l tumani hokimligi fuqaroga «Yoshlar mehnat guzari ishlab chiqarish sexlari» majmuasini qurish uchun 2 gektar yer bergan. Boshqa fuqaro sheriklari bilan uning 1 gektarini $400 mingga sotib olishga kelishib, 30 ming dollarini olayotgan vaqtlarida ushlangan. Hozir holat bo‘ycha jinoyat ishi ochildi.
Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida fuqaro mahalla hududidagi 15 sotix bo‘sh yerni 15 ming dollarga sotishga uringanlikda ayblanmoqda. Gumonlanuvchi mazkur yer maydonini tanishlari orqali rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 10 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lmagan 17 sotix yer maydonini 8 ming dollarga sotishga uringanlikda ayblanmoqda. Gumonlanuvchi xaridordan 100 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Samarqand viloyatida bir nechta shaxslar 4 gektar yer maydonini 42 ming dollarga sotishga urinib, kelishilgan pulni olayotgan vaqtida ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida ikki fuqaro 3 gektar yer maydonini 350 ming dollarga sotishga uringanlikda gumonlanmoqda. Ular kelishilgan puldan 10 ming dollarini olganida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ushlangan. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
DXX Andijon va Samarqandda noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘ydi. Andijondagi holatda fuqarolar 1 ga yerni $180 mingga sotishga urindi. Samarqanddagi to‘rtta holatda esa 3 ga yerni 180 mln so‘mga, 50 sotix yerni $100 mingga, 70 sotix yerni $65 mingga va 5 ga yerni $50 mingga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi.
Pastdarg‘om tumanida ikki nafar shaxs hokimlik zaxirasidagi 70 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda 65 ming dollarga sotishga uringani aytilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari gumondorlarni kelishilgan mablag‘dan 32 ming dollarini olgan vaqtida ushladi.
Toshkent shahar IIBB xodimlari Yangihayot tumanidagi 1 gektar yerni 1 million dollarga sotishni va’da qilgan ikki nafar shaxsni qo‘lga oldi.
Ikki nafar fuqaro Bo‘stonliq tumanidagi 2,4 gektar yerni sotish uchun avansni olayotganida qo‘lga olindi. Yerni 980 ming dollarga sotishni rejalashtirgan fuqarolar keyinchalik uni qurilish uchun rasmiylashtirib berishni va’da qilishgan. Fuqarolardan biri Bo‘stonliq tuman yo‘l-qurilish boshqarmasi rahbarining o‘rinbosari bo‘lib chiqdi.
Toshkent tumanida hokimlik zaxirasidagi 14 sotix yer maydonini boshqa shaxsga olib berishni va’da qilgan fuqaro ushlandi. U yerga egalik huquqini beruvchi qarorni chiqartirish uchun 8 ming dollar talab qilgan.
Shavkat Mirziyoyev yerlarni auksionda sotish yo‘li bilan 400 mlrd so‘mlik tushumni ta’minlash rejasi mutlaqo qoniqarsiz ekanligini tanqid qildi. Prezident Toshkent viloyatida 14 gektar yer 3,5 mln dollarga sotilganini ma’lum qildi. «Nimaga bu pullar davlatga emas, kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda?» — dedi u.
Olmazor tumani hokimligining mansabdor shaxslaridan biri 2 nafar sherigi bilan boshqa fuqaroga 12 gektar yerni 1 mln 560 ming dollar evaziga olib bermoqchi bo‘lganida ushlandi. Shuningdek, bank xodimi poytaxtdan fuqaroga uy-joy olishida ko‘maklashish evaziga 2000 dollar olganida qo‘lga olindi.
Toshkent viloyatida joylashgan fermer xo‘jaligining 16,5 gektar sug‘oriladigan yerini o‘zganing nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 600 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida joylashgan o‘rmon xo‘jaligi hududidan 1000 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berish evaziga 300 ming dollar talab qilgan shaxslar ham qo‘lga olindi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida hokim qarori bilan bog‘ yaratish uchun ijaraga berilgan 16 gektar yer maydonini 5 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentda Qibray tumanida joylashgan 7 gektar yer maydonini 23,5 ming dollar evaziga tender savdolariga qo‘yish orqali sotib olib berishni va’da qilgan shahs qo‘lga olindi. Shuningdek, Surxondaryoda 2 gektar yerni 100 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting