Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holat aniqlandi, deb xabar berdi Departament matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, «X.S.» fermer xo‘jaligi rahbari K.A. va boshqalar ushbu xo‘jalikka tegishli yer maydonining 4 gektarini fuqaro O. ga 42 ming dollarga sotishga kelishadi. Ular kelishilgan pulning 26,2 ming dollarini olib, keyinchalik farzandi S.A. orqali yana 15,8 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.