Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Navoiy, Andijon va Samarqand viloyatlarida yer sotish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi.

Qayd etilishicha, DXXning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Jarayonda Nurota tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari bilan birgalikda ushbu xo‘jalikning 80 gektar yer maydonini xaridorga 1 mlrd so‘mga sotishga kelishib, oldindan 700 mln so‘m olgan vaqtlarida ushlangani aytilmoqda.

Shuningdek, Andijon shahridagi qurilish firmasi rahbari shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan 14 sotix yer maydoni o‘ziga tegishli ekanini aytib, tanishlari orqali uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming dollar olgan vaqtida ushlangani xabar qilindi.

Shunga o‘xshash holat Samarqand viloyatida ham kuzatildi. Samarqand tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan fuqaro tuman hokimining tegishli qarori bilan unga dehqon xo‘jaligi tashkil etishi uchun uzoq muddatga imtiyozli ravishda berilgan 35 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari yordamida xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 45 ming dollari talab qilib, oldindan 25 ming dollar olganlikda gumonlanmoqda.

Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.