Samarqand viloyati Toyloq tumanida hokimiyat zaxirasida bo‘lgan yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 16-iyun kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqaro ta’magirlik holati bo‘yicha murojaat qilgan. U o‘z arizasida tikuvchilik korxonasini tashkil qilish uchun bo‘sh yer maydoni izlab yurgan vaqtida Toyloq tumanida yashovchi P.F. tumanning Madaniyat mahallasi hududida joylashgan hokimiyat zaxirasida bo‘lgan 0,18 gektar yer maydonini 75 ming dollarga sotishini va keyinchalik tuman Kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali hujjat rasmiylashtirib berishini aytganini ma’lum qilgan. U fuqarodan oldindan 15 ming dollar miqdoridagi pullarni talab qilgan.

Viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi, DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat boshqarmalari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. P.F. ariza muallifidan 15 ming dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.