Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida hokimlik zaxirasidagi yer maydonini noqonuniy sotish holatiga chek qo‘yildi, deya xabar berdi O‘zA.

Pastdarg‘omlik 1968 yilda tug‘ilgan M.D. noqonuniy egallab olgan hokimlik zaxirasidagi 70 sotix yer maydonini shu tumanda yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan B.S. bilan boshqa bir fuqaroning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilganligi aytilmoqda.

Ular buning evaziga fuqarodan 65 ming AQSh dollari so‘ragan. DXX, viloyat IIB va prokuratura xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan mablag‘ning 32 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq ushbu viloyatning Samarqand tumanida fuqaro boshqa fuqaroga qarashli issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix yer maydonining 5 sotixini 100 ming dollarga sotishga uringani haqida yozgan edik. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘tkazgan tezkor tadbirda u 70 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olingandi.