Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston tumanlarining master-rejalarini ishlab chiqish muhimligi haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tumanning master-rejasi bo‘lsa, bu juda katta mablag‘, tadbirkorlar va ish o‘rinlari manbaiga aylanadi, lekin hozirgacha bor-yo‘g‘i 17 ta kichik aholi punkti uchun bunday hujjatlar tayyorlangan.

“Hokimning birinchi o‘rinbosarlariga bu kerak emasdek bo‘lyapti. Agar master-reja bo‘lsa, u rejali ish bo‘ladi, natijali ish bo‘ladi. Hali yer talon-toroj [qilish] bo‘yicha juda qattiq hisob-kitob bo‘ladi, shuni hamma bilishi kerak. Hozir tahlil qildiryapman, nimaga yangi farmon bo‘yicha, birjada qatnashish uchun Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 38 foiz, Surxondaryoda 31 foiz paxta maydonlari elektron platformaga kiritilgan? Respublika bo‘yicha 60 foiz, Qashqadaryoda yo yerlar yo‘q, yoki bu yerda o‘yin ketyapti. Biz qabul qilgan farmonga zid ish qilyapti hokimlar”, — dedi u.

Prezident dekabr oyida 2024-yilgi hosil mavsumidan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tovar-xomashyo birjasi orqali tuzishni ko‘zda tutadigan farmonni imzolagan edi. Fermerlar ortiqcha xomashyoni, shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan yetishtirilgan paxtani erkin sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yerlarni auksion savdosida sotish bo‘yicha 4 trillion so‘mlik rejani ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Prezident E-auksion elektron platformasi orqali 1 trillion so‘m tushum ta’minlash bo‘yicha ham topshiriq berdi.

Iqtisodiy kompleks rahbari, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda yil oxirigacha 70 ta, 2025-yilda esa respublikadagi barcha tumanlarning master-rejalarini ishlab chiqish topshirildi.

“Qanday qiyin bo‘lmasin, qimmat bo‘lmasin, agar buni o‘zimiz qilmasak, bu davom etaveradi. Bu — hamma korrupsiyaga asos… Bu juda katta tushum, juda katta ishlab chiqarish va juda katta ish o‘rinlari manbai. Agar shuni joy-joyiga qo‘ysak, hozirgi bozor iqtisodiyotiga O‘zbekiston o‘tayotganidan dalolat bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Shu yig‘ilishda prezident 33 ta g‘allachilik korxonasini xususiylashtirishni tezlashtirish, ularning narxini bozor narxiga tushirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi. U vazirlik va hokimliklar aktivlarining sotuvi sustlashib borayotganini tanqid qildi. Masalan, Toshkent shahrida 25 gektar yer auksion savdolariga qo‘yilib, keyin olib qo‘yilgan, buning oqibatida budjet 600 milliard so‘m tushumsiz qolgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil iyul oyida hududlarning bosh va master-rejalarini uch bosqichda ishlab chiqish bo‘yicha Respublika kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Kengash birinchi bosqichda muayyan viloyatning 5, 10 va 20 yillik rivojlanish yo‘nalishlari, yer va infratuzilma chegaralarini belgilaydigan bosh sxemasini tasdiqlashi lozim. Ular asosida, ikkinchi bosqichda, hududning bosh rejasi ishlab chiqiladi. Bunda sanoat, xizmat ko‘rsatish va aholi maskanlarini belgilash, yo‘llar va infratuzilma tarmoqlarini taqsimlash ko‘zda tutiladi. Uchinchi bosqichda, bosh rejalarga asosan, viloyat, tuman va shahar bosh arxitektorlari hamda hokimning birinchi o‘rinbosarlari o‘z hududining master rejalarini tasdiqlaydi. Bunda uy-joylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining joylashuvi ko‘rsatiladi.