Toshkent viloyati Zangiota tumanida 29-aprel kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Yuqori Chirchiq tumani hududidagi g‘alla va chorvachilik uchun mo‘ljallangan 260 gektar yerni 400 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar berdi.

“Chirchiq shag‘al saralash” korxonasining 39 yoshli direktori 40 ming dollar bo‘nak olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ma’lum qilinishicha, u kadastr idoralarida ishlaydigan tanishlari orqali kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishga va’da bergan.

Gumonlanuvchiga nisbatan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” (Juda ko‘p miqdorda pora berish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.