Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida hokimiyat zaxirasidagi yerni boshqa bir shaxsga noqonuniy tarzda olib berishga uringan ikki fuqaro qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, bu noqonuniy ishga 2018−2021-yillarda Guliston tumani hokimi lavozimida ishlagan 59 yoshli Shavkat G‘afurov ham aloqador bo‘lgan.

Aniqlanishicha, Guliston shahrida yashovchi 2 shaxs hozirda Guliston tumani hokimiyati zaxirasida bo‘lgan 38 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga olib berishga kelishgan.

Shu bilan birga, yer maydonida ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun mansabdor tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming dollar talab qilgan.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Guliston shahrida o‘tkazgan tezkor tadbirda ular oldindan 50 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.