Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi yer nazorati inspektori hokimiyat balansidagi 3 gektar yerni sotishga uringanlikda gumonlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 12-aprel kuni IIV Tezkor-qidiruv departamenti, Farg‘ona viloyati IIB hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbiri o‘tkazilgan.

Tezkor tadbir davomida O‘zbekiston tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi yer nazorati inspektori hokimiyat balansid bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi masalalari uchun mo‘ljallangan yerlardan 3 gektarini ochiq elektron platformasi orqali yutib berish evaziga tadbirga jalb qilingan maxsus xaridordan 4 ming dollar miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

To‘plangan hujjatlarga asosan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda) va 25-modda orqali 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.