Navoiy viloyatida issiqxona qurish uchun ajratilgan yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi, deb xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uch nafar fuqaro vositachi yordamida gumonlanuvchilardan birining o‘g‘li nomiga hokimlik tomonidan ajratilgan 2 gektar yer maydonini noqonuniy ravishda 200 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan. Yer issiqxona qurish uchun imtiyozli shartlar asosida ajratilgan bo‘lgan.

Yer sotish uchun mo‘ljallanmagani va xaridor bu yerda uylar qurmoqchi bo‘lganligi sababli, unga qo‘shimcha 20 ming dollar evaziga bu masalani hal qilish va’da qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.