Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Sirdaryo va Andijon viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotishga urinish holatlarini aniqlandi.

Qayd etilishicha, xizmatning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Jarayonda Boyovut tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari mazkur MCHJga qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun noturar joy sifatida berilgan 1 gektar yerning 50 sotixini turar joy qurish uchun kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 12 500 dollar olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda.

Andijon viloyatida kuzatilgan holatda Ulug‘nor tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan va Baliqchi tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan ikki fuqaro fermer xo‘jalik rahbariga mazkur xo‘jalik yer maydonlarida sherikchilik asosida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlarini aytgani, uning ishonchiga kirib, fermer xo‘jaligiga bog‘dorchilik uchun ajratilgan 4 gektar yerning kadastr hujjatlarini hamda fermer xo‘jalikning rasmiy muhrini qo‘lga kiritgani gumon qilinmoqda.

DXXga ko‘ra, tadbirda ikki fuqaro ushbu 4 gektar yer maydonini 148 mln 200 ming so‘m evaziga xaridor nomiga rasmiylashtirib berishga kelishib, undan so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ushlandi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.