Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘istonda noqonuniy yer savdosi bilan shug‘illangan shaxslar aniqlandi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning O‘rta Chirchiq tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda aniqlanishicha, fuqaro I.Q. Nurafshon shahar, «Degantepa» MFYdagi 20 sotix bo‘sh yer maydonini fuqaro A.S.ga 14 500 AQSh dollariga sotishga kelishgan va tanishlari yordamida yer maydoni hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Gumonlanuvchi oldindan 5 500 AQSh dollarini olgan vaqtida esa ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, departamentning Shumanay tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro D.K. soxta hujjatlar orqali o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan Nukus shahar, «Qum ovul» MFYdagi zaxiradagi 6 sotix yer maydonini fuqaro M.A.ga sotishga kelishib, ushbu yer maydoni uchun 37 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 28, 211-moddasi (Pora berish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.