Toshkent viloyatida yer maydonini noqonuniy tarzda sotishga uringan fuqarolar qo‘lga olindi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departament, DXX va IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda aniqlandi.

Qibray tumanida fuqaro F.S. va O.K.lar fuqaro G. ning nomiga 3 gektar yer maydonini issiqxona tashkil etish uchun tanishlari orqali rasmiylashtirib berishga ishontirgani aytilmoqda.

Ular buning evaziga 350 ming AQSh dollari so‘rab, shundan 10 ming dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.