O‘zbekiston hukumati davlat-xususiy sheriklikni iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va yalpi ichki mahsulot o‘sishi omillaridan biri deb hisoblaydi, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. 2026-yilgacha DXSH loyihalariga 14 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jalb etish, 2030-yilga borib esa YaIM hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish darajasini 3,6% gacha sekinlashtiradi, inqirozgacha bu ko‘rsatkich 6% ga baholangan edi. Ayni paytda xomashyo eksportidan olinadigan daromadlar va xususiylashtirishdan tushumlarning nisbatan yuqoriroq bo‘lishi pul o‘tkazmalariga qaram bo‘lgan uy xo‘jaliklarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadlaridagi yuqori ijtimoiy soha xarajatlarini qoplaydi, pul o‘tkazmalari qisqarishi va mehnat migrantlarining uylariga qaytishi ortidan mamlakatda kambag‘allik darajasi keskin o‘sishining oldini oladi.
2021 yilda O‘zbekistonda YAIM hajmi 734,6 trln so‘m yoki 69 mlrd dollarni tashkil etdi. Aholi jon boshiga YAIM esa 2020 yilga nisbatan 5,3 foizga o‘sib, 21 mln so‘mdan ortiqroqqa yetdi.
2022-yil uchun davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda YAIM 2022-yilda 6 foizga o‘sishi va qariyb 840 trln so‘mni (MBning 16-noyabrdagi kursi bo‘yicha 78,2 mlrd dollar), 2023-yilda 972 trln so‘mdan ortiq ($90,5 mlrd) bo‘lishi va 2024-yilda esa 1 trilliard so‘mdan (qariyb $105 mlrd) oshishi mo‘ljal qilinmoqda.
2022 yilgi konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlari 277,2 trln so‘m yoki YAIMga nisbatan 33% miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Hisob palatasi kelgusi yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirish uchun 2,1 trln so‘m subsidiyalar ajratishni tavsiya qildi. 2022 yil uchun 1 AQSh dollarining yillik o‘rtacha almashuv kursi 11 321 so‘mga prognoz qilindi.
YeTTB 2021 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi prognozini 5,6 foizdan 6,8 foizga oshirdi. Shu bilan birga, bank hisobotida COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq xavflar va boshqa omillar tufayli butun mintaqa uchun prognozlar noaniqligi haqida ham aytilmoqda.
O‘tgan yillardagi iqtisodiy o‘sish «aholining juda kichik qismini xursand qildi», chunki o‘sish inklyuziv emas edi, dedi moliya vaziri Timur Ishmetov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat unumdorlik, samaradorlik ustida ishlashi, raqobat muhitini yaratishi va yoshlar biznes talablariga javob beradigan asosiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun inson kapitaliga sarmoya kiritishi kerak.
2020 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 580,2 trln so‘mni tashkil qildi. 2019 yil bilan solishtirganda o‘sish 1,6% ni tashkil qilgan.
Jahon bankining yangilangan prognozlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekiston YAIMning o‘sish sur’atlari 0,4%dan 0,8%gacha bo‘lishi kutilmoqda. Oltin ishlab chiqarishning ko‘payishi va qishloq xo‘jaligidagi o‘sish koronavirus pandemiyasi yuzaga keltirgan inqiroz davrida sanoat va xizmatlar sohasidagi keskin pasayishni bartaraf etishga yordam bergan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bu yil O‘zbekiston YAIM hajmi 2 foizga qisqarishini kutmoqda. 2021 yilda iqtisodiy o‘sish prognozi 6,5%dan 4,5%gacha pasaytirildi.
2020 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotining nominal hajmi 255,2 trln so‘mni ($26 mlrd) tashkil etdi, iqtisodiy o‘sish esa 0,2% gacha pasaygan. Aholi jon boshiga hisoblangan YAIM 1,8 foizga tushib, 7,4 million so‘mga (766 dollar) teng bo‘ldi.
Qo`shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro`yxatdan o`ting