Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi 2022 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish darajasini 3,6% gacha sekinlashtiradi. Bu haqda Jahon bankining (JB) Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy sharhida ma’lum qilindi. Inqirozgacha bo‘lgan davrda iqtisodiy o‘sish prognozlari 6% ni tashkil qilgan edi.

«Pul o‘tkazmalarining (rublning qadrsizlanishi va Rossiya iqtisodiyotining qulashi tufayli) kutilayotgan 50% lik pasayishi hamda neft, bug‘doy va o‘simlik yog‘i narxlarining qimmatlashishi shaxsiy iste’molni keskin qisqartiradi», — deyiladi JB prognozida.

«O‘zbekiston 2022 yilda jahon bozorida xomashyo (oltin, mis va tabiiy gaz) narxlarining yuqori bo‘lishidan foyda ko‘rishiga qaramay, pul o‘tkazmalarining YAIMga nisbatan 6% gacha qisqarishi joriy hisob defitsitini YAIMga nisbatan 10% gacha oshishiga olib kelishi prognoz qilinmoqda. 2022 yilda Rossiyadan xorijiy investitsiyalar qisqarishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi cheklanishi kutilmoqda, qayta tiklanish uchun esa vaqt talab etiladi», — deya qayd etgan JB mutaxassislari.

Natijada, joriy operatsiyalar hisobi defitsitining o‘sishi yangi davlat qarzlarining jalb etilishi va zaxiralardan foydalanish hisobiga moliyalashtirilishi kutilmoqda.

Xomashyo mahsulotlari eksportidan olingan daromadlar va xususiylashtirishdan tushumlar hajmining oshishi, shuningdek, davlat investitsiyalarining qisqarishi pul o‘tkazmalariga qaram bo‘lgan uy xo‘jaliklarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan nisbatan yuqori ijtimoiy xarajatlarni qoplashga xizmat qiladi. Shuningdek, pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi va ko‘p sonli mehnat migrantlarining O‘zbekistonga qaytishi natijasida mamlakatda qashshoqlik darajasi keskin o‘sishining oldini olishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan 2022 yilda umumiy budjet defitsiti YAIMga nisbatan 4% gacha kamayishi mumkinligi aytilmoqda. JBga ko‘ra, 2023 yilga qadar kutilayotgan fiskal konsolidatsiya kechiktirilishi ehtimoldan holi emas.

O‘zbekiston hukumati tashqi qarzdorlikni jalb qilish bo‘yicha o‘z cheklovlariga amal qilishda davom etishi kutilmoqda. Tahlilchilarning fikricha, 2022−2023 yillarda mamlakatning davlat qarzi rekord darajada o‘sib, YAIMga nisbatan 42% gacha yetadi. Mazkur ko‘rsatkich 2024 yil oxiriga kelib YAIMga nisbatan taxminan 40% darajada barqarorlashadi.

«Ushbu prognozlar Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning amal qilish muddati, AQSh foiz stavkalaridagi o‘zgarishlarning potensial global moliyaviy oqibatlari, COVID-19 ning keyingi to‘lqinlari, shuningdek, savdo va logistika uzilishlarining O‘zbekiston ta’minot zanjirlariga ta’siridan kelib chiqqan holda sezilarli darajada qayta ko‘rib chiqishni talab etadi», — deya qayd etadi Jahon banki.

Yevropa va Markaziy Osiyo

Ukrainaga qarshi urush va Rossiyaga qarshi sanksiyalar butun dunyo iqtisodiyotiga zarba bermoqda. Ayni paytda eng og‘ir zarbani Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi shakllanayotgan bozorga ega bo‘lgan va rivojlanayotgan mamlakatlar boshdan kechirishi kutilmoqda, deya ma’lum qilgan Jahon banki.

Xususan, urushdan oldingi prognozlar Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotida 2022 yilda 3% lik o‘sishni ko‘rsatgan bo‘lsa, qayta ko‘rib chiqilgan prognozlarga ko‘ra, 4,1% ga qisqarishi kutilmoqda. Sababi urush oqibatidagi iqtisodiy zarbalar COVID-19 pandemiyasining haligacha davom etayotgan ta’sirini yanada kuchaytirmoqda.

«Bu [so‘nggi] ikki yil ichida ikkinchi turg‘unlik bo‘ladi va 2020 yilda pandemiya keltirib chiqargan turg‘unlikdan ikki baravar uzoqroq bo‘ladi», — deyiladi JB sharhida.

Rossiya iqtisodiyoti bilan yaqin iqtisodiy aloqalar sabab 2022 yilda Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 2021 yilda qayd etilgan 5,1% dan 2% gacha kamayishi kutilmoqda.

«Xomashyo mahsulotlari jahon narxlarining oshishi, iqtisodiyoti mos ravishda 1,8% va 3,6% ga o‘sishi kutilayotgan Qozog‘iston va O‘zbekistonda faollik va fiskal balansni qo‘llab-quvvatlashga yordam berishi mumkin. Shu bilan bir paytda, Rossiyadan pul o‘tkazmalariga eng ko‘p qaram bo‘lgan Tojikiston va Qirg‘izistonda iqtisodiy o‘sish 2022 yilda mos ravishda -1,8% va -5% gacha pasayadi».

JB hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina iqtisodiyoti 2022 yilda taxminan 45,1% ga qisqaradi, biroq qisqarish ko‘lami urushning davomiyligi va intensivligiga bog‘liq. «Misli ko‘rilmagan sanksiyalardan aziyat chekayotgan Rossiya iqtisodiyoti allaqachon chuqur retsessiyaga tushib ulgurdi, 2022 yilda mamlakat iqtisodiyoti 11,2% ga qisqarishi kutilmoqda», — deya ma’lum qildi JB.

«Urush tufayli yuzaga kelgan gumanitar inqirozning miqyosi hayratlanarli darajada. Rossiya bosqini Ukraina iqtisodiyotiga kuchli zarba berdi va infratuzilmaga katta zarar yetkazmoqda», — deya ta’kidladi JBning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde.

«Ukraina o‘z iqtisodiyoti ishlashda davom etishi, hukumat esa bu ekstremal vaziyatdan aziyat chekishda va uni yengib o‘tishda davom etayotgan o‘z fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash uchun kurashayotgan bir paytda, mamlakat yirik miqdordagi va kechiktirib bo‘lmaydigan moliyaviy yordamga muhtoj», — deya qo‘shimcha qildi u.

Urush dunyo iqtisodiyoti o‘sish sur’atlarining keskin sekinlashishi, inflyatsiya va qarzlar darajasining o‘sishi, shuningdek, qashshoqlik darajasining keskin ortishi to‘g‘risidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Iqtisodiy ta’sir bir qancha yo‘nalishlarda, jumladan, xomashyo va moliya bozorlarida, savdo va migratsiya aloqalarida aks etdi va ishonch darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, deya qayd etgan tahlilchilar.

Mintaqadagi bug‘doy importining qariyb 40% qismi, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda esa 75% dan ortig‘i Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiya, shuningdek, ko‘plab mamlakatlar uchun asosiy eksport yo‘nalishi hisoblanadi va Rossiyadan pul o‘tkazmalari Markaziy Osiyoning ayrim mamlakatlarida (Qirg‘iziston, Tojikiston) YAIMga nisbatan qariyb 30% ni tashkil etadi.

«Mintaqadagi mamlakatlar hukumatlari o‘zlarining makroiqtisodiy mexanizmlarini mustahkamlashlari, xavflarga qarshi turish hamda savdo va investitsiya oqimlarining potensial bo‘linishiga qarshi kurashish orqali o‘z siyosatlarining ishonchliligini oshirishlari, aholining eng zaif qatlamlarini, shu jumladan, qochoqlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ijtimoiy himoya tizimlarini mustahkamlashlari va barqaror kelajakni ta’minlash uchun energiya samaradorligini oshirishga e’tibor qaratishlari lozim», — deya qayd etdi JBning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh iqtisodchisi Asli Demirguch-Kunt.

Bank prognozlariga ko‘ra, urush natijasida yuzaga kelgan chuqur gumanitar inqiroz urushning barcha dastlabki zarbalari ichida eng sezilarlisi va, shu bilan birga, ziddiyatning eng uzoq muddatli oqibatlaridan biri bo‘lishi mumkin. Ukrainadan qo‘shni davlatlarga qochqinlar to‘lqini avvalgi barcha inqirozlarni ortda qoldirishi kutilmoqda. Shu nuqtai nazardan JB qochqinlar oqimining ortishi munosabati bilan o‘sib borayotgan moliyalashtirish ehtiyojlarini qondirish maqsadida qo‘shni davlatlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini tayyorlamoqda.

«Shuningdek, urush ortidan neftning jahon narxlari keskin ko‘tarilishi qayta tiklanuvchi manbalardan energiya yetkazib berish hajmini oshirish hamda energiya samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish orqali energiya xavfsizligini ta’minlash zarurligini ko‘rsatmoqda», — deya ta’kidladi JB.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan buyon JB Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida 925 mln dollarlik favqulodda moliyalashtirish paketini safarbar qildi. Tezlashtirilgan asosda ko‘rsatilayotgan ushbu yordam shifoxona xodimlariga ish haqi, keksalar uchun pensiyalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami uchun ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Tezlashtirilgan moliyalashtirish JB tomonidan Ukraina uchun kelgusi oylarda tayyorlanadigan 3 mlrd dollarlik yordam paketining bir qismidir. «Bosqin allaqachon Yevropada Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilgan eng yirik qochqinlar inqiroziga sabab bo‘ldi», — deya ta’kidladi JB. Bank, o‘z navbatida, qabul qiluvchi mamlakatlardagi qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ko‘rib chiqmoqda.