O‘zbekistonda 2024-yilda yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi 1 trlrd 126 trln so‘mdan ko‘proq (MBning 16-noyabrdagi kursi bo‘yicha qariyb 105 mlrd dollar) oshishi mo‘ljal qilinmoqda. Shuningdek, ushbu yilda YAIM 6,6 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2022-yil uchun davlat budjeti loyihasida ma’lum qilindi.


budjet loyihasiga ko‘ra, 2022-yilda YAIM ko‘rsatkichi 6 foizga o‘sishi va qariyb 840 trln so‘mni (78,2 mlrd dollar) tashkil qilishi kutilmoqda. Bunda iste’mol narxlari indeksi 9 foizga, sanoat mahsulotlari 7 foizga, chakana tovar aylanmasi 9,3 foizga o‘sishi mo‘ljal qilinmoqda. 2023-yilda YAIM 972 trln so‘mdan ortiq (90,5 mlrd dollar) bo‘lishi kutilmoqda.

2022-yilda respublika budjeti daromadlari 162,5 trln so‘mdan ko‘proqni tashkil etishi prognoz qilingan. Respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar esa jami 171,7 trln so‘mdan ko‘proq bo‘lishi qayd etilgan.

2022-yil uchun davlat budjeti qonuni loyihasi va budjetnoma bo‘yicha Hisob palatasining xulosasida kelgusi yilgi konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlari 277,2 trln so‘m yoki YAIMga nisbatan 33% miqdorida bo‘lishi prognoz qilingan. Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2022-yil uchun budjet loyihasida esa ushbu ko‘rsatkich 280 trln so‘mdan oshiq bo‘lishi mo‘ljal qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 11-noyabr kuni “Gazeta.uz” 2022-yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,9 foizni tashkil etib, YAIM hajmi qariyb 840 trln so‘mga yetishi ko‘zda tutilayotgani haqida xabar bergandi. Bunda tashqi savdo aylanmasi 46,3 mlrd dollarni tashkil etishi prognoz qilingan. Bundan tashqari, inflyatsiya darajasi 2022-yilda 9 foiz atrofida bo‘lishi kutilayotgani bayon qilingandi.