Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 mlrd dollardan oshganini ma’lum qildi.

«Pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishilgan ayrim yutuqlarini aytib o‘tishni o‘rinli deb hisoblayman. Keng ko‘lamli va samarali islohotlarimiz natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 mlrd dollardan oshdi. Hammangizning xabaringiz bor, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 52 mlrd dollar edi. 80 milliard dollardan oshdi», — dedi prezident.

Davlat rahbari shu yilning o‘zida 8 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelgani, eksport esa 19 mlrd dollarga (2018 yilda 14 mlrd dollar edi) yetganini aytdi.

«Bu kabi raqamlar, bunday natijalar ilgari bizda bo‘lmagan edi. Bu ham xalqimizning birdamligi, xalqimizning mehnatsevarligi natijasida erishildi, bu ham haqiqat», — dedi Shavkat Mirziyoyev.