O‘zbekiston Markaziy banki YAIM prognozini qayta ko‘rib chiqdi. Iqtisodiyotda mavjud zaxiralar va yalpi talabning joriy tendensiyalaridan kelib chiqib, 2022 yilda YAIMning real o‘sishi yiliga 5−5,5 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda, aprel oyidagi prognoz 3,5−4,5 foizni tashkil etdi.

Bu haqda 21 iyul kuni Markaziy bank Boshqaruvi yig‘ilishida ma’lum qilindi. Unda asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foizga tushirish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.

Regulyator ushbu qarorni may-iyul oylarida qisqa muddatli tashqi shoklar ta’sirini pasayishi hisobiga makroiqtisodiy holatning nisbatan barqarorlashuvi hamda tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha kutilmalarning kechiktirilishi yillik inflyatsiyaning o‘rtacha bahosidan pastroq, ya’ni 12−14% koridorining quyi chegarasi yaqinidagi prognozi bilan izohlaydi.

Bu, o‘z navbatida, inflyatsiyaning aprel oyidagi prognoz darajasidan qisqa muddatli omillar ta’siri va kutilmalar bo‘yicha qo‘shilgan yuklamani olib tashlash va shunga mos ravishda, pul-kredit sharoitlarini ham o‘zgartirish imkonini beradi, deya qayd etadi regulyator.

«Global inflyatsion jarayonlarning davom etayotganligini inobatga olib, narxlarga monetar omillar ta’sirini minimal darajada saqlab qolish, milliy valyutadagi aktivlarning nisbiy ustunligini ta’minlab borish maqsadida yil so‘ngigacha „nisbatan qat’iy“ pul-kredit sharoitlari saqlab qolinadi», — deb hisoblaydi MB.

Iyun-iyul oylarida tashqi iqtisodiy sharoitlar O‘zbekiston uchun nisbatan mo‘tadil bo‘ldi. Real samarali almashuv kursi iyun oyida may oyiga nisbatan qariyb 0,2 foizga qadrsizlandi.

Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha eksport tushumlarida ham, import uchun to‘lovlarda ham o‘suvchi tendensiyalar kuzatildi. Ikkinchi chorakda eksport tushumlari birinchi chorakka nisbatan 41 foizga, import to‘lovlari esa 19 foizga oshdi.

Aprel-iyun oylarida mamlakatga (eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va xorijiy valyutadagi kreditlar kanallari orqali) kirib kelgan valyuta oqimlarining har yili kuzatiladigan mavsumiy o‘sish darajasidan ham yuqori bo‘lganligi ichki valyuta bozorida taklif hajmini qo‘llab-quvvatlamoqda, deya qayd etdi MB. Xususan, ikkinchi chorakda banklar va xo‘jalik subyektlarining valyuta sotuvi birinchi chorakka nisbatan 1,8 barobarga oshdi.

Ichki iqtisodiy sharoitlar

Joriy yilning birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish real hisobda 5,4 foizni tashkil etib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga (7,2 foiz) nisbatan past, aprel oyi prognozlariga (3,5−4,5 foiz) nisbatan esa yuqori darajalarda shakllandi.

«E’tiborlisi, qishloq xo‘jaligi, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va chakana savdo sohalarida o‘tgan yilga nisbatan yuqoriroq o‘sish sur’atlari kuzatildi. Ushbu tendensiyalarning saqlanib qolishi kelgusi oylarda narxlar shakllanishiga ijobiy ta’sir etishi kutilmoqda», — deb hisoblaydi MB.

«Birinchi yarim yillikda oylik va nafaqalarning oshirilishi hisobiga iqtisodiyotda o‘rtacha nominal ish haqlarining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli oshishi kuzatildi va bu, o‘z navbatida, ichki talabni rag‘batlantiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi», — deyiladi bayonotda.

Ushbu davrda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga ko‘p kreditlar ajratilgan.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Iyun oyida yillik inflyatsiya sur’ati 12,2 foizni tashkil etib, ushbu o‘sish asosan global inflyatsion jarayonlar sharoitida import inflyatsiyasi, tovarlarni yetkazib berish va logistikasida yuzaga kelayotgan muammolar hamda g‘alla yetishtirish va sotish narxlarining erkinlashtirilishi kabi omillar bilan izohlanadi.

Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,5 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 6,8 foizga qimmatlashdi. «Bu, o‘z navbatida, umumiy inflyatsiyaning pasayib borishida oziq-ovqat narxlarining barqarorlashuviga asosiy e’tiborni qaratishni taqozo etadi», — qo‘shimcha qiladi MB.

Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha aholi vakillarining inflyatsion kutilmalari may oyidagi keskin o‘sishdan keyin (17,6 foiz) pasayuvchi dinamikani ko‘rsatib, 16,4 foiz atrofida shakllangan bo‘lsa, tadbirkorlik subyektlariniki 15,7 foizgacha pasaydi (may oyida — 17,3 foiz).

Iste’mol narxlari o‘zgarishining haftalik kuzatuvlari, haftalik o‘sish sur’atlari may oyining oxirgi va iyun oyining boshidagi haftalarida eng yuqori o‘sish nuqtalaridan o‘tib, iyul oyining dastlabki 2 haftasida nisbatan barqarorlashganini ko‘rsatmoqda.

Pul-kredit sharoitlari

Asosiy stavka pasaytirilishi natijasida iyun oyida banklararo pul bozorida o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi may oyidagi 18 foizdan 17,1 foizgacha pasaydi. Iyun oyida Uzonia indeksi asosiy stavka bilan yuqori foiz koridori oralig‘ida — 17 foiz atrofida shakllandi.

Pul bozorida nisbatan uzoqroq muddatli bir oydan uch oygacha bo‘lgan operatsiyalar bo‘yicha foizlar may oyidagi 19,6 foizdan iyun oyida 18,9 foizgacha pasayishi kuzatildi.

2022 yil iyunda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha esa 17,7 foizni tashkil etdi. Depozitlarning real foiz stavkalari aholi omonatlari bo‘yicha 7,8 foiz va yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha 4,9 foiz darajasida shakllandi. Aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari ikkinchi chorakda 21 foizga va yil boshiga nisbatan 30 foizga ko‘paydi.

Iqtisodiyotga milliy valyutada yo‘naltirilgan kreditlarning foiz stavkalarida ham may oyidagi ko‘rsatkichlarga (23 foiz) nisbatan pasayish kuzatilib, o‘rtacha 22,8 foizni tashkil etdi.

Makroiqtisodiy prognozlar

Umuman olganda, 2022 yilning birinchi yarim yilligida jahon va ichki iqtisodiyotda kuzatilgan holat mazkur davrda yuz bergan geosiyosiy vaziyat hisobiga keskin shok va noaniqliklar ta’sirida makroiqtisodiy rivojlanishning hech bir ssenariysida ko‘zda tutilmagan tarzda shakllandi.

2022 yilning ikkinchi yarmi va 2023 yilda kutilayotgan tashqi makroiqtisodiy tendensiyalar «Pul-kredit siyosati asosiy yo‘nalishlari«ning muqobil ssenariysida ko‘zda tutilgan tarzda kechsa-da, rivojlangan mamlakatlar iqtisodiy siyosatidagi to‘g‘rilanishlar (rivojlangan mamlakatlar markaziy banklari tomonidan foiz stavkalarining oshirilishi 2023 yildan boshlanishi ko‘zda tutilgan edi, amalda esa ancha erta — 2022 yil birinchi yarim yilligidan boshlandi) rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish va maqroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashlarida qo‘shimcha murakkabliklarni vujudga keltiradi, deya qayd etadi MB.

Markaziy bank tashqi iqtisodiy vaziyatlar bo‘yicha noaniqliklar, yalpi talabni shakllanishi va taklif bo‘yicha kutilayotgan tendensiyalarni inobatga olib, 2022 yil uchun mo‘ljallangan makroiqtisodiy rivojlanish prognozlarini ham qayta ko‘rib chiqdi.

Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar, tartibga solinadigan narxlar oshirilishining keyinga qoldirilishi bilan bir qatorda, mavjud noaniqliklar va xatarlarni inobatga olgan holda yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 12−14 foizlik koridorning quyi chegarasi atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Bugungi qaror ta’sirida kelgusida shakllanadigan pul-kredit sharoitlari inflyatsiya prognozining pasayib borishi bilan real foiz stavkalarining ijobiyligini, milliy valyutadagi aktivlarning daromadliligi saqlanib qolishini ta’minlashini kutmoqda regulyator.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2022 yil 8 sentabr kuniga belgilangan.