2023-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 5,5 foizni tashkil etdi, deya xabar bermoqda prezident huzuridagi Statistika agentligi.

Bu yanvar oyi oxirida prezident bilan uchrashuvda aytilgan prognozdan sezilarli darajada yuqori. Yanvar oyidagi anomal sovuq tufayli elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi uzilishlar fonida respublikada 3 mingta hududiy sanoat korxonasida (ularda 350 ming aholi band) 7 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan. Zarur choralar ko‘rilmasa, birinchi chorakda yalpi mahsulot o‘sishi 1,5 foizgacha pasayishi mumkin (5 foizdan 3,5 foizgacha), degandi prezident o‘shanda.

Sanoat ishlab chiqarishga oid ma’lumotlar ham YAIM o‘sishi sekinlashishini ko‘rsatdi. Yanvar-fevral oylarida bu ko‘rsatkich 3,9 foizga kamaygan, biroq mart oyida Statistika agentligi sanoat ishlab chiqarishning keskin o‘sganini ma’lum qildi — 4,1 foiz.

Yanvar-fevral oylarida 12,9 trillion so‘mni tashkil etgan qurilish ishlari hajmida ham xuddi shunday holat kuzatilmoqda, bu 2022-yilning shu davriga nisbatan 8,2 foizga kam. Shu bilan birga, agentlik birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, qurilish hajmi 27,56 trillion so‘mga (+14,6 trillion so‘m) yoki 2022-yilning yanvar-martiga nisbatan 4,5 foizga oshgani haqida xabar berdi.

Bozor xizmatlari hajmi 10,9 foizga (2022-yilning mart oyida — 15,9 foizga), qishloq va baliq xo‘jaligi 3,2 foizga (2,8 foiz), chakana savdo tovar aylanmasi — 5,2 foizga (10,8 foiz) o‘sdi.

Birinchi uch oyda tashqi savdo aylanmasi 11,9 foizga, import 23,4 foizga oshdi, biroq eksport 2,6 foizga qisqardi.

O‘zbekiston Markaziy banki 2023-yilda mamlakat iqtisodiyoti o‘sishini 4,5−5 foiz darajasida prognoz qildi.