2030 yilga borib O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 160 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Bu haqda 20 may kuni davlat-xususiy sheriklik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Nega biz davlat-xususiy sheriklikni O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va o‘sish sur’atlarini ta’minlovchi omillardan biri deb bilamiz? Chunki O‘zbekiston iqtisodiyoti sarmoyaga, birinchi navbatda xususiy sarmoyaga muhtoj… YAIMni 100 mlrd dollarga yetkazish [2026 yilda] va boshqa maqsadlar xususiy sarmoyani talab qiladi”, — deya ta’kidladi u.

2018 yil oxirida Moliya vazirligi huzurida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tashkil etilganidan buyon O‘zbekiston davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha 10 mlrd dollarlik bitimlar tuzdi. Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 2022−2026 yillarda bu ko‘rsatkichni 14 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, O‘zbekiston sarmoya jalb etishda boshqa davlatlar bilan raqobatlasha oladi.

“Prezident rahbarligidagi so‘nggi besh yil davomida qisqa, ammo juda yaxshi ish tajribasiga ega bo‘ldik. Ammo biz so‘nggi 20 yil va undan ko‘proq vaqt davomida kechiktirilgan va amalga oshirilmay kelingan ko‘plab islohotlarni amalga oshirdik. Bilasizmi, ko‘plab hamkorlarimiz islohotlarning bunday yuqori sur’atini kutmagan edi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, DXSH g‘oyasi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan va Turkiya xususiy sarmoya kiritish uchun qo‘shimcha manbalar va kanallar izlanayotgani bois Turkiyaning bu boradagi tajribasini o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan.

“Biz buni juda oddiy tarzda boshladik, lekin biz butun DXSH loyihasini siljitish uchun yetarli darajadagi orzularga va kuch-quvvatga ega edik. Hozirda kam sonli davlatlar juda ko‘p DXSH loyihalariga ega ekanliklarini ayta olishadi. Masalan, energetika sohasida, kommunal sohada, shuningdek, biz boshqa sohalarda ham… jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ham [loyihalarni amalga oshirishni] reja qilganmiz”, — deya xabar qildi u.

Jamshid Qo‘chqorov mamlakatni 2030 yilgacha bo‘lgan rivojlanish prognozini ham ma’lum qildi.

“Bizning prognozlarimizga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekiston aholisi soni 40 mln kishiga yetadi, yalpi ichki mahsulot esa 160 mlrd dollarni tashkil qiladi. Bu esa aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM 4000 AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Xalqaro moliya institutlaridagi hamkorlarimiz bu juda katta maqsad, deb aytishdi. Ha, biz buni tushunamiz. Lekin o‘ylaymizki, davlatimiz rahbari rahbarligida bu maqsadga erishamiz”, — deya ta’kidladi u.

2021 yilda O‘zbekiston YAIMi 734,6 trln so‘mni tashkil qildi. AQSh dollarida o‘rtacha kurs bo‘yicha hisoblanganda nominal YAIM 69,23 mlrd dollarga yetdi. Aholi jon boshiga YAIM 1983 dollargacha ko‘tarildi.

2022−2023 yillarda davlat hamkorligida yirik loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy kompaniyalarni jalb etish bo‘yicha bir qator tenderlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar ro‘yxati prezident Shavkat Mirziyoyevning 8 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan.