Moliya vaziri Timur Ishmetov jurnalist Rayan Chilkot (Ryan Chilcote) bilan suhbatda O‘zbekistonning inklyuziv iqtisodiy o‘sishga erishish maqsadi haqida gapirdi.

«Agar oldingi iqtisodiy siyosat va statistik ma’lumotlarga nazar tashlasangiz, bizda juda yaxshi o‘sish davri yuz berdi. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Deyarli o‘n yil davomida bizda yiliga 6−7% darajasida (YAIM) o‘sish kuzatildi. Bu juda yaxshi, biroq bu o‘sish inklyuziv bo‘lmadi, shuning uchun bu aholining juda kichik qismini xursand qila oldi», — dedi u.

Moliya vazirining ta’kidlashicha, hozir hukumat o‘tgan yillardagi iqtisodiy siyosat noto‘g‘ri bo‘lganini tushunib yetdi.

«Gap faqat o‘sish haqida emas, balki inklyuziv o‘sish haqida, ya’ni bunda ko‘proq odam foyda olishi mumkin. Shu bois, unumdorlik, samaradorlikni oshirish va raqobat muhitini yaratish, inson kapitaliga sarmoya kiritish, ya’ni yoshlar haqiqatda biznes talablariga javob beradigan asosiy ko‘nikmalarni egallashiga ishonch hosil qilishimiz zarur», — dedi vazir.

Timur Ishmetov O‘zbekiston mehnat bozoridagi noodatiy vaziyat haqida aytib o‘tdi.

«Bizda juda qiziq vaziyat yuz beryapti. Korxonalar tashkil etishga e’tibor qaratyapmiz, ular ochilmoqda, ammo malakali ishchi kuchi yetishmayapti. Bizda katta ishchi kuchi bor, bizda ishsizlik darajasi baland, lekin korxonalar o‘zlari uchun malakali xodimlarni topa olmayapti», — dedi u.

Moliya vaziri umuman davlatning oxirgi maqsadi maktab yoki universitetni bitirgan har qanday shaxs ish topish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlash ekanini ta’kidladi.

«O‘sish [YAIM] haqidagi hujjatlarda qanday raqamlarni ko‘rishimiz muhimmi? Ha, albatta, iqtisodiy o‘sishsiz buni ta’minlay olmaysiz, lekin yana raqamlar bilan o‘ynash shart emas. Bizda yuqori o‘sish sur’atlari bor edi, lekin bu ish bermadi. Endi biz samaradorlik haqida o‘ylashimiz kerak, ya’ni biz raqamlar bilan o‘ynamasligimiz kerakligini bilgan holda, raqamlar yakuniy maqsadimiz emasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Yakuniy maqsadimiz esa — ish bilan ta’minlash», — dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Moliya vaziri Timur Ishmetov intervyuda xususiylashtirish haqida gapirib o‘tgandi.