O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilning 9 oyida erishilgan iqtisodiy natijalar, yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkichlar va 2024-yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda joriy yilning 9 oyida mamlakat iqtisodiyoti 5,8 foizga o‘sgani qayd etildi. Jumladan, sanoat 5,7 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz, xizmatlar 12,1 foizga oshgan.

Eksport 23,5 foizga oshib, 17,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlarda yirik sanoat va infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgani hisobiga, 226,6 trln so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,8 foizga ko‘paydi.

Yil yakunlari bo‘yicha YAIM o‘sishi 5,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Davlat rahbari dunyodagi og‘ir vaziyat iqtisodiyotga salbiy ta’sir etayotgani va noma’lumligicha qolayotgani, shu bois barqaror iqtisodiy o‘sishni izchil davom ettirish uchun ichki imkoniyatlarni ko‘proq ishga solish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev hukumatga sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston — 2030” strategiyadagi 2024-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturni mazkur strategiyadagi vazifalarni bajarish nuqtai nazaridan puxta ishlab chiqishni topshirdi.

Bunda yalpi ichki mahsulotning hozirgi o‘sish sur’atini kelgusi yilda ham davom ettirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Davlat rahbari transport, suv xo‘jaligi, kommunal kabi sohalarda boshlangan islohotlarni faollashtirish, bunda aholi va biznesni qo‘llab-quvatlashga alohida ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidladi.