6 fevral kuni Turkiyaning janubiy viloyatlari hamda Suriyaning Turkiyaga chegaradosh hududlarida sodir bo‘lgan kuchli magnitudali zilzilalar misli ko‘rilmagan talafotlarni keltirib chiqardi. Hozirgi vaqtga kelib zilzila qurbonlari soni umumiy hisobda 23 ming nafardan oshib ulgurdi (bu maqolani o‘qiyotgan vaqtingizda bu raqam, afsuski, yanada o‘sayotgan bo‘ladi). Insoniy yo‘qotishlardan tashqari, mamlakatning zilzila epitsentrida joylashgan va unga tutash, zilzila ta’siri sezilgan hududlarida ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlari vayron bo‘ldi, saqlanib qolganlari jiddiy zarar ko‘rdi.

Zilzila natijasida yetkazilgan talafotlar, insoniy va iqtisodiy yo‘qotishlar Turkiya iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’sir mamlakatning yirik hamkorlari bilan o‘zaro savdo aloqalarida ham aks etishi shubhasiz. Shu nuqtai nazardan, ushbu maqolada Turkiyadagi zilzila oqibatlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga potensial ta’sirini baholashga urinib ko‘ramiz.

O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi uch yillikda muttasil kutilmagan sinovlar — 2020 yilda pandemiya, 2022 yilda mintaqaviy geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi, 2023 yilning dastlabki oyida anomal sovuq — ta’siri ostida qolmoqda (albatta, anomal sovuq ta’siridagi iqtisodiy yo‘qotishlar avvalgi shoklar darajasida emas, bu alohida mavzu).

Turkiyada kuzatilgan tabiiy ofat va uning talafot ko‘lami favqulodda katta ekanligi esa 2023 yil ham O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun sinovli bo‘lishi ehtimolini oshirayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Sababi — Turkiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri. Tabiiyki, Turkiya iqtisodiyotining jiddiy talafot ko‘rishi yoki qisqarishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.

Xo‘sh, Turkiyaning zilzila natijasidagi iqtisodiy yo‘qotishlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday va qay darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Bu savolga javob berish uchun, birinchi navbatda, Turkiyada sodir bo‘lgan zilzilaning ko‘lami hamda uning iqtisodiyotga keltirgan (yoki keltirishi kutilayotgan) umumiy zarari to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lish zarur. Biroq hozircha bu haqda aniq, ishonchli va yetarli ma’lumotlar mavjud emas. Shunga qaramay, ayrim dastlabki tahminiy xulosalarni berish mumkin.

Tabiiy ofatdan jiddiy talafot ko‘rgan hududlarning Turkiya iqtisodiyoti (yalpi ichki mahsuloti)dagi ulushi taxminan 9,3 foizni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, mazkur hududlarda YAIM hajmi 30 foizga qisqaradi, deb faraz qilinsa, bu mamlakat iqtisodiyotining 2,8 foizga qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

2022 yilda Turkiya iqtisodiyoti, Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 4,7 foizga o‘sgan. Bank o‘zining yanvar oyidagi prognozlarida 2023 yil uchun 2,7 foizlik o‘sishni taqdim etgan bo‘lsa, mamlakat hukumati prognozlari nisbatan optimistik — 5 foizlik o‘sishni ko‘rsatayotgan edi. Albatta, mazkur prognozlarda zilzila keltirib chiqargan talafotlarning ta’siri hisobga olinmagan.

Yuqorida qilingan taxminiy hisob-kitoblar hamda Turkiyada 2023 yilgi iqtisodiy o‘sishning dastlabki prognozlariga tayansak, Turkiya iqtisodiyoti joriy yilda inqirozni boshdan kechirishi ehtimoli kam. Shubhasiz, iqtisodiy o‘sish sezilarli darajada sekinlashishi mumkin. Biroq, yana bir jihatni e’tiborga olish joizki, tabiiy ofatdan talafot ko‘rgan hududlarda sezilarli darajada kapital (boylik) yo‘qotildi. Bu hududlarni qayta tiklash esa keng ko‘lamli ekspansion (rag‘batlantiruvchi) siyosat talab qiladi. Bu ayrim sohalarda, xususan, qurilish sohasida o‘sish sur’atlarining keskin tezlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Talafot ko‘rgan hududlarda ma’lum vaqt — kapitalning avvalgi darajasi tiklanguncha — iqtisodiy o‘sish sur’ati zilziladan avvalgi davrdagi ko‘rsatkichlarga nisbatan yuqoriroq bo‘ladi. Bu jihat, o‘z navbatida, kutilayotgan salbiy iqtisodiy oqibatlarni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, hozirgi vaqtda tabiiy ofatning iqtisodiy o‘sishga qay darajada ta’sir qilishi borasida aniq xulosa chiqarish qiyin. Zilzila talafotlari mamlakatdagi iqtisodiy faollikka jiddiy zarar yetkazib ulgurgani shubhasiz: o‘n minglab insonlar (mehnat resurslari) halok bo‘ldi, talafot ko‘rgan hududlar qachon tiklana boshlashi hamda hukumatning mazkur hududlarni qayta tiklash uchun qancha mablag‘ ajratishi hozircha noma’lum. Shunga qaramay, Turkiyada iqtisodiy o‘sish 2,8 foizga sekinlashadi, deb faraz qilinsa, yuqoridagi taxminiy hisob-kitoblarga asoslangan holda xulosa qilib, buning O‘zbekiston iqtisodiyotiga potensial salbiy ta’siri darajasini baholash mumkin.

Bugungi kunda Turkiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Xususan, 2022 yilda Turkiya hamda O‘zbekistonning умумий tashqi savdo aylanmasi 3,2 mlrd dollarni tashkil etib, shundan 1,5 mlrd dollar — eksport, 1,7 mlrd dollari import hissasiga to‘g‘ri kelgan. Boshqa bir jihat ham borki, tashqi savdo aylanmasida eng yirik hamkorlar orasida to‘rtinchi bo‘lishiga qaramay, Turkiya bilan tashqi savdo aylanmasi O‘zbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasining 6,4 foiz qismini tashkil etadi, xolos.

Bundan tashqari, Turkiyada yuritilayotgan nisbatan yumshoq monetar siyosat hamda O‘zbekistonda yuritilayotgan nisbatan qattiq monetar siyosat so‘mning liraga nisbatan (real) almashinuv kursining oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida 2022 yil davomida Turkiyaga eksportning qisqarishini tushuntirib beruvchi asosiy omillardan bo‘lib hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, yumshoq monetar siyosat — bu markaziy bank tomonidan iqtisodiyotga qo‘shimcha stimul berish maqsadida pul massasini oshirishga qaratilgan siyosat bo‘lib, asosan asosiy foiz stavkasining paysaytirish orqali amalga oshiriladi. Ko‘plab davlatlar inqiroz yaqinlashishi bilan foiz stavkalarini tushirish orqali iqtisodiyotga stimul berishni maqsad qiladi. Nisbatan qattiq monetar siyosat esa yuqori inflyatsiyaga qarshi kurash maqsadida yuritiladigan siyosat bo‘lib, asosiy foiz stavkasining oshirilishi hamda inflyatsiya darajasi bilan asosiy foiz stavkasi o‘rtasida ma’lum darajada ijobiy farqni saqlab turishni nazarda tutadi.

2022 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti 11 foizga qisqargan. Ya’ni tabiiy ofat yuz bermagan sharoitda ham Turkiyaga eksport qisqarishni boshlagan edi. Boshqa tarafdan, Turkiyadagi monetar siyosatda hozircha qattiqlashtirish alomatlari sezilmayapti. Ayni paytda O‘zbekiston Markaziy banki 2024 yilgacha inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun monetar siyosatni hozirgi darajada ushlab turishni rejalashtirgan. Bunday sharoitda real almashinuv kursining o‘sishda davom etishi ehtimoli yuqori. Bu esa 2023 yilda ham Turkiyaga eksportning qisqarishiga xizmat qiluvchi asosiy omillardan biridir. O‘z navbatida, tabiiy ofat qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qiladi.

o‘zbekiston - turkiya, tashqi savdo, turkiyadagi zilzila, yaim

Grafik Ctatistika agentligi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Agar tabiiy ofat natijasida Turkiya iqtisodiyotining o‘sishi, faraz qilganimizdek, 2,8 foizga sekinlashsa, bu O‘zbekistonning Turkiyaga eksportini taxminan YAIMning qisqarishi (2,8 foiz) darajasida qisqartiradi. Turkiyaga eksport umumiy eksportning 8 foizini tashkil etishini hisobga olsak, mazkur ko‘rsatkichning 2,8 foizga qisqarishi O‘zbekiston umumiy eksportining taxminan 0,2 foizga qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Umumiy eksportning YAIMdagi ulushi esa 24 foizni tashkil etadi. 24 foiz qismini tashkil etuvchi komponentning 0,2 foizga qisqarishi YAIMning 0,05 foizga qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin, xolos (multiplikator effekti bilan qisqarish biroz yuqori bo‘lishi ham mumkin). Boshqacha aytganda, tabiiy ofat natijasida Turkiya bilan savdoning nisbatan qisqarishi (qisqarishining tezlashishi, desak to‘g‘riroq bo‘lar) amalda O‘zbekiston YAIMining o‘sishiga deyarli ta’sir o‘tkazmaydi.

o‘zbekiston - turkiya, tashqi savdo, turkiyadagi zilzila, yaim

Grafik Statistika agentligi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Turkiyadagi iqtisodiy pasayish tashqi savdodan tashqari omillar orqali ham O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shunday omillardan biri — bu xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘zgarishidir. Biroq, so‘nggi yillardagi statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, Turkiyadan kirib kelayotgan pul o‘tkazmalaridan ko‘ra Turkiyaga chiqib ketayotgan pul o‘tkazmalari ko‘proq. Xususan, pul o‘tkazmalari bo‘yicha salbiy saldo 2021 yilda 111 mln dollarni tashkil etgan. Zilzila oqibatida yuzaga kelgan vaziyat Turkiyadan pul o‘tkazmalari hajmini qisqartirishi, bu, o‘z navbatida, manfiy saldoning yanada kattalashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

o‘zbekiston - turkiya, tashqi savdo, turkiyadagi zilzila, yaim

Grafik Markaziy bank ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Pul o‘tkazmalari haqida fikr yuritar ekanmiz, o‘tgan yillarda aynan tabiiy ofatdan talafot ko‘rgan hududlardan kirib kelgan o‘tkazmalar hajmini bilish juda muhim, biroq bu to‘g‘rida ma’lumotlar mavjud emas. Yuqoridagi taxminlarga tayanib, Turkiyadan pul o‘tkazmalari hajmi ham 2,8 foizga qisqaradi deb faraz qilinsa hamda Turkiyadan pul o‘tkazmalari hajmi O‘zbekistonga kirib kelgan umumiy pul o‘tkazmalarining taxminan 3 foizini (2022 yilda mazkur ko‘rsatkich yanada qisqargan) tashkil etishi hisobga olinsa, Turkiyadan pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi amalda iqtisodiyotga umuman sezilmaydi: buning YAIMga olib kelishi mumkin bo‘lgan potensial zarari bor-yo‘g‘i 0,01 foiz atrofida bo‘lishi mumkin.

Yuqoridagi tahlillar ko‘rsatadiki, Turkiya bilan savdo hamda pul o‘tkazmalari hajmi qisqarishining O‘zbekistonda YAIM o‘sishiga salbiy ta’siri sezilarli emas — taxminan 0,06−0,08 foiz atrofida bo‘lishi mumkin (albatta, bu dastlabki taxminlarga asoslangan hisob-kitoblar ekanini e’tiborga olish zarur).

Turkiya boshdan kechirgan tabiiy ofat juda ayanchli va achinarli. Zilzila natijasida o‘n minglab insonlar hayotdan ko‘z yummoqda, yana qanchasi jarohatlangan, boshpanasiz qolgan. Qolaversa, minglab binolar butunlay yaroqsiz holga kelgan, infratuzilmaga jiddiy zarar yetgan. Bu tabiiy ofat Turkiya hukumati uchun katta sinov, biroq dastlabki taxmin va prognozlar 2023 yilda mamlakat iqtisodiyoti o‘sishida jiddiy pasayish kuzatilmasligiga ishora qilmoqda. Sababi tabiiy ofatdan jiddiy zarar ko‘rgan hududlar Turkiya iqtisodiyotining kichik qismini tashkil etadi. Bundan tashqari, mazkur hududlarga kelgusida yirik pul mablag‘lari yo‘naltiriladi. Bu esa tabiiy ofat iqtisodiy yo‘qotishlarini muayyan darajada kompensatsiya qilishi mumkin.

Asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lishiga qaramay, Turkiya iqtisodiyotidagi kutilayotgan pasayish yaqin kelajakda O‘zbekistonning iqtisodiyotiga jiddiy xatar tug‘dirmaydi.