O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 2024-yilda 5,5 foizni tashkil qiladi, keyin esa 2025-yilda 5,6 foizgacha oshadi, deya prognoz qilmoqda Osiyo taraqqiyot banki o‘zining “Osiyo rivojlanishi istiqbollari” haqidagi yangi hisobotida.

Tartibga solinadigan narxlar oshishining uy xo‘jaliklari daromadiga ta’siri tufayli o‘sish sekinlashishi kutilmoqda, bu esa iste’mol talabining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekiston YAIMining amaldagi o‘sishi hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra 6 foizni tashkil qilgan. OTBning o‘tgan yilgi xuddi shunday prognozida O‘zbekistonning 2024-yil uchun YAIMi o‘sishi 5 foizga baholangan edi.

“O‘tgan yili sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi barqaror ko‘rsatkichlar tufayli O‘zbekistonda tahsinga sazovor iqtisodiy o‘sish kuzatildi, — dedi OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya. — Ushbu kuchli o‘sishni kuchli investitsiya muhiti va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini soliqdan ozod qilish bo‘yicha strategik siyosat qo‘llab-quvvatladi, bu esa qat’iy pul-kredit siyosati bilan birgalikda inflyatsiyaning sezilarli sekinlashishiga yordam berdi”.

OTB ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda o‘sish sur’atlarining sekinlashishi prognoz qilinayotganiga qaramay, iqtisodiy prognozlar ehtiyotkorona ijobiy bo‘lib qolmoqda.

Xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida o‘sish sur’ati sekinlashishi kutilmoqda, shu bilan birga, xususiy iste’mol va investitsiyalar biroz sustlashishi kutilmoqda. Energetika sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va pul-kredit siyosatining qat’iylashishi ta’sirlarining muvozanatlashuvi hisobiga inflyatsiya sur’atlarining barqaror darajada saqlanib qolinishi prognoz qilinmoqda

“Biroq budjet-soliq siyosati muammolarga duch kelmoqda, chunki tarkibiy islohotlar va ijtimoiy xarajatlarning ko‘payishi budjet konsolidatsiyasi va taqchillikni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni cheklashi mumkin. Binobarin, importning oshishi va tushumlarning kamayishi sababli budjet taqchilligining oshishi va tegishlicha joriy hisob taqchilligining ortishi kutilmoqda”, — deya prognoz qiladi OTB.

Bank tahlilchilarining fikricha, O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishida “yashil” rivojlanish siyosati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hozirgi vaqtda yashil siyosatning turli vazirliklar va idoralar o‘rtasida bo‘linishi yashil iqtisodiyotga samarali erishish uchun xavf tug‘diradi. Iqlim siyosati bo‘yicha maxsus kengash tuzish O‘zbekistonga sa’y-harakatlarni optimallashtirish, muvofiqlashtirishni yaxshilash va mamlakatning barqaror iqtisodiy amaliyotga o‘tish jarayonini tezlashtirish uchun samarali yechim sifatida taklif qilinmoqda.