Shavkat Mirziyoyev 29-mart kuni O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini barqaror rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Joriy yilning birinchi choragida YAIM o‘sishi 6 foizdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda (2023-yilda 5,5 foiz, 2022-yilda 6,1 foiz). Xabar qilinishicha, bunda “tadbirkorlik faol qo‘llab-quvvatlanishi va qish mavsumida barqaror energiya resurslari bilan ta’minlanishi hisobiga” sanoat o‘sishi qariyb 10 foizga (4,1%), eksport hajmi 3,5 milliard dollarga (5,69 mlrd dollar yoki oltin eksportini hisobga olmaganda 3,29 mlrd dollarni tashkil etgan) yetishi muhim omil bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, tashqi bozorda raqobat kuchayib borayotgan sharoitni inobatga olgan holda 2024-yilda “bozor iqtisodiyoti poydevorini qurishning asosiy jarayonlarini yakunlab, iqtisodiyotni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqish, korxonalarning moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini oshirish talab etilmoqda”.

иқтисод, шавкат мирзиёев, яим

Prezident yirik davlat korxonalarining xarajatlarini maqbullashtirish, energiya resurslarini tejash borasida qilinayotgan ishlar natijadorligi atroflicha ko‘rib chiqdi. Dunyo bozoridagi murakkab sharoitda eksport tushumlarini oshirish, korxonalarning to‘lov qobiliyatini mustahkamlash, debitor qarzdorligini kamaytirish, xarajatlar asossiz o‘sishining oldini olish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi (eng daromadli va eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat kompaniyalari ro‘yxati).

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqishda qulay ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini yaratib berish, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlat rahbari ichki bozorda narx-navo barqarorligi masalasiga alohida to‘xtalib, kundalik iste’mol tovarlarini mahalliylashtirishni kengaytirish, korxonalarning quvvatini oshirishga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.

Prezident yanvar oyi boshida O‘zbekistonda 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidlagandi. Prezident YAIMni kamida 6 foizga ko‘paytirish, shuningdek, yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trln so‘mga kamaytirish zarurligini qayd etgan.