O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2021 yilda 6,8 foizga, 2022 yilda esa 6 foizga o‘sadi. Bunday tiklanish tezligi O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotga aylantiradi, deyiladi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) 4 noyabr kuni e’lon qilingan «Mintaqaviy iqtisodiy istiqbol» hisobotida. Iyun oyidagi hisobotida YeTTB joriy yil yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozini 6,5 foizdan 5,6 foizga tushirgan edi.

YeTTBning press-reliziga ko‘ra, prognoz qilinayotgan o‘sish xususiy iste’mol va pul o‘tkazmalarining ko‘payishi hamda infratuzilmaga investitsiyalarning ko‘payishi hisobiga ta’minlanadi, ularning aksariyati tashqi qarzlar hisobidan moliyalashtiriladi, deb hisoblashmoqda YeTTBda. Prognoz kelajakda COVID-19 bilan bog‘liq noaniqliklar, xalqaro turizmning qayta tiklanishi va Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat tufayli qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Hujjatda qayd etilganidek, 2021 yilning sakkiz oyida xizmat ko‘rsatish sohasi o‘tgan yilga nisbatan 19,5 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 9 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,2 foizga o‘sdi. Rossiyadan pul o‘tkazmalari dollar hisobida 35 foizga oshdi. Kredit o‘sishi iyun oyida real ko‘rsatkichlarda 22 foizga tezlashdi, bu bir yil oldingi 12 foizdan kuchliroq iqtisodiy faollikni aks ettiradi. Inflyatsiya 2020 yil dekabrdagi 11,1 foizdan 2021 yil oktabr holatiga ko‘ra 10,8 foizgacha pasaydi.

YeTTB mintaqalariga «yaqinlashayotgan tahdidlar»

Umuman olganda, YeTTB 2021 yilda o‘z hududlarini rivojlantirish prognozini 5,5 foizgacha oshirdi. Biroq, iyun oyidagi prognozini 1,3 foizga ko‘targaniga qaramay, bank kelajakdagi tahdidlar haqida ogohlantirmoqda.

Tovar va energiya narxlarining yuqoriligi, mehnat bozorlarining yomonlashuvi, ta’minot zanjiri uzilishlari va YeTTB faoliyat yuritayotgan bir qator mamlakatlarda milliy valyutalarning zaiflashishi koronavirus bilan kasallangan bemorlar sonining so‘nggi ko‘tarilishidan oldin ham inflyatsiya to‘lqinlarini keltirib chiqargan edi. sentabr oyida YeTTB mintaqalarida inflyatsiya darajasi 2019 yil yakuni darajasidan o‘rtacha 3 foizga oshdi.

COVID-19 inqirozini yengish uchun yirik iqtisodiy rag‘batlantirish paketlarini olgandan so‘ng, YeTTB mintaqalarining davlat qarzi 2019 yil oxiridan boshlab YAIMga nisbatan o‘rtacha 13 foizga oshdi. Aksariyat mamlakatlarda qarz olish qiymati inqirozgacha bo‘lgan darajadan past bo‘lsada, ba’zi mamlakatlarda u keskin oshgan.

2021 yilning birinchi yarmida YeTTB hududlarida iqtisodiyotning tiklanish sur’atlari tezlashdi, ishlab chiqarish hajmi yillik hisobda 6,4 foizga oshdi. Ushbu hududlarda kapitalning harakatchanligi ko‘rsatkichlari dunyoning boshqa qismlariga qaraganda tezroq tiklandi, ishlab chiqarish va chakana savdo sohalarida tiklanish jarayonlari kuzatildi. Ta’minot zanjirlari ishidagi vaqtinchalik uzilishlarga qaramay, tovar va xizmatlar eksporti hajmi oshdi. Ikkinchi chorakda ham pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi kuzatildi, ayrim hollarda 2019 yildagi ko‘rsatkichlardan oshib ketdi. Sayyohlik oqimi kutilgan ko‘rsatkichdan ko‘ra oshib ketdi, biroq YeTTB faoliyat yuritayotgan aksariyat mamlakatlarda 2019 yil darajasidan ancha past bo‘lib qoldi.

Mamlakatlar iqtisodiyotlari tiklanishiga qarab, YeTTB mintaqalarida o‘sish 2022 yilda mo‘’tadil bo‘lib, 3,8 foizni tashkil etadi, bu esa iyun oyida kutilgan 0,1 foizga past bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, prognozlar COVID-19 ning kelajakda tarqalishi, tashqi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi va ularning savdo hamkorlari mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi bilan bog‘liq xavflar ta’siri omili tufayli yuqori darajadagi noaniqlik bilan tavsiflanadi.