Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun (O‘RQ-836-son)ni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

2022-yilning avgustida senatorlar davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan, bu ko‘rsatkichning maksimal miqdori YAIMga nisbatan 60% etib belgilanishi kutilayotgandi. Davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkin. Uni samarali boshqarish uchun esa uch yillik strategiya ishlab chiqiladi.

Qonun bilan davlat organlarining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari belgilandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

Qonunga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish quyidagilardan iborat:

  • davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish;
  • davlat tomonidan mablag‘ jalb etish;
  • davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni boshqarish;
  • davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish;
  • davlat qarzini restrukturizatsiya qilish;
  • davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni qaytadan kreditlash;
  • davlat kafolatini rasmiylashtirish va taqdim etish;
  • davlat qarziga oid shartnomalarni va davlat kafolatlarining ro‘yxatini yuritish;
  • davlat qarzining hisobi va hisobotini yuritish;
  • davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash va davlat kafolatlarini bajarish.

Shunga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan fiskal strategiya bilan birgalikda 3 yil muddatga tasdiqlanadi. Davlat qarzi ichki va tashqi qarzni o‘z ichiga oladi hamda qisqa (1 yilgacha), o‘rta (1 yildan 5 yilgacha), uzoq muddatli (5 yil va undan ortiq muddatga) bo‘lishi mumkin.

Davlat qarzining eng yuqori miqdori yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.

Davlat qarzi hajmi YAIMning 50 foiziga yetganda, Vazirlar Mahkamasi parlamentda ushbu standartdan oshib ketishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflarni kiritadi. Ushbu normada iqtisodiy inqirozlar yuz berganda YAIMga davlat qarzining keskin oshishi ehtimoli hisobga olinadi.

2023-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 29,2 mlrd dollarga (YAIMga nisbatan 36,4 foiz) yetgan. Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.