O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 29-yalpi majlisida «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi. Hujjatning mazmuni bilan budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev tanishtirdi.

Qonun bilan davlat qarzining maksimal miqdori YAIMning 60 foizidan oshib ketmasligi lozimligi belgilab berilmoqda. Bundan tashqari, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalari moliyalashtirilishi mumkinligi qayd etilgan.

Hujjatda prezident, Oliy Majlis palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy Bank va Moliya vazirligining davlat qarzlarini boshqarish sohasidagi vakolatlari aks etgan.

Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish, shu jumladan qarz mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Parlamentga eng yuqori miqdorni aniqlash, davlat qarzlarini boshqarish strategiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish va yig‘ilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish bo‘yicha hisobotlarni eshitish vakolati berilmoqda.

Davlat qarzlarini boshqarish strategiyasi qarzning hozirgi holatini va prognozlarini, shu jumladan unga xizmat ko‘rsatish, barqarorlik ko‘rsatkichlari, xatarlarni boshqarish va davlat qarziga xizmat ko‘rsatish narxini pasaytirish, shuningdek davlat tomonidan taqdim yetiladigan kafolatlarning yillik chegaralarini aks ettiradi. Strategiya fiskal strategiya bilan birgalikda uch yil muddatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi va ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlis palatalariga taqdim yetilishi kutilmoqda.

Qonunda davlat kafolatini berish tartibi, u taqdim etilmaydigan holatlar, rezident qarz oluvchilarning majburiyatlari va davlat kafolatini bekor qilish to‘g‘risidagi qoidalar ham mavjud.

Davlat qarzi hajmi YAIMning 50 foiziga yetganda, Vazirlar Mahkamasi parlamentda ushbu standartdan oshib ketishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflarni kiritadi. Ushbu normada iqtisodiy inqirozlar yuz berganda YAIMga davlat qarzining keskin oshishi ehtimoli hisobga olinadi.

Qonun, shuningdek, davlat mablag‘larini jalb qilish orqali loyihalarni amalga oshirish tashabbusi bilan chiqqan qarz oluvchilar loyihalarning samaradorligini ta’minlash uchun javobgarligini nazarda tutadi.

1 iyul holatiga O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 25,9 mlrd dollarga yetdi. Shundan 23,2 mlrd dollari davlat tashqi qarzi hisoblanadi. Bunga qadar davlat tashqi qarzi qaysi yo‘nalishlarga sarflanayotgani va nimaning hisobidan qoplanayotgani haqida yozgandik.

Avvalroq, yalpi majlisda senatorlar savoliga javob berarkan moliya vaziri o‘rinbosari Odiljon Isakov bu ko‘rsatkich oldinga qo‘yilgan maqsad emasligini ma’lum qilgani haqida yozgandik. «Bu limit yuqori chegara, maqsad emas. Hozirgi kunda davlat qarzining YAIMga nisbati 37 foizni tashkil qilyapti. Yil oxiriga borib, bu 40 foiz atrofida bo‘lishi kutilyapti. Ya’ni, biz yana 20 foiz bufer olganmiz», — dedi u.

Moliya vazirligi vakili shuningdek, bunga nima sabab bo‘lgani ham tushuntirdi.

«Sababi 2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli tashqi qarz mablag‘larini rejaga nisbatan ko‘proq jalb qildik. Shu bilan birgalikda, YAIM o‘sish suratlari ham kutilgandan kamroq bo‘ldi. Bu butun dunyoda teskari o‘sishda bo‘lganda ham O‘zbekistonda 1,7 foiz o‘sishga erishildi. Shunday bo‘lsa ham o‘shanda qarzning YAIMga nisbati qariyb 10 foizga oshib ketdi. Biz o‘shanda kamida 10 foiz bufer kerak ekan deb xulosa qildik», — dedi Odiljon Isakov.