2021 yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga YAIM 21 mln so‘mni yoki 1983 dollar ekvivalentiga teng bo‘ldi (bunda dollarning o‘rtacha yillik kursi — 2021 yilda 10610 so‘m etib belgilangan). Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

2021 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda YAIM hajmi 734,6 trln so‘mni yoki 69 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga (59,885 mlrd dollar) nisbatan 7,4 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga YAIM esa 2020 yilga nisbatan 5,3 foizga o‘sgan.

2021 yilda YAIMning iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘sishi quyidagicha qayd etildi:

  • qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi — 4%;
  • sanoat — 8,7%;
  • qurilish — 6,8%;
  • savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar — 13%;
  • tashish va saqlash, axborot hamda aloqa — 17,2%;
  • boshqa xizmat tarmoqlari — 5,9%;
  • mahsulotlarga sof soliqlar — 6,7%.

YAIM deflyator indeksi

2021 yilda YAIM deflyator indeksi 13,6 foizni tashkil etdi. Tarmoqlar kesimida deflyator indeksining yuqori ko‘rsatkichlari qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida (116,7%), qurilishda (114,2%) hamda sanoatda (113,8%) qayd etildi. Respublikaning o‘rtacha darajasidan (113,6%) past bo‘lgan deflyator indeksi tashish va saqlash, axborot va aloqada (106,5%), savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda (112,8%) hamda boshqa xizmat tarmoqlarida (112,6%) kuzatildi. Shu bilan birga, mahsulotlarga sof soliqlarning deflyator indeksi 112,3 foizni tashkil etdi.

Ushbu indeks 2020 yilda 11,6 foiz, 2019 yilda esa 17,9 foizni tashkil etgan.

Iste’mol narxlari indeksi

2021 yilda O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi (INI) 2020 yilga nisbatan 10,8 foizga oshdi. Tovarlar bo‘yicha INI 11,6 foizga, xizmatlar bo‘yicha esa 8,2 foizga oshdi. Kuzatilayotgan davrda, 2020 yil bilan taqqoslaganda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 14,3 foizga, nooziq-ovqat tovarlar narxi esa 8,3 foizga o‘sdi.

«Masala shundaki, deflyatorning iste’mol narxlari indeksidan ortda qolishi yoki o‘zib ketishi signallar beradi. Deflyatorning pasayib borishi inflyatsiyaning bir muddat o‘tib pasayishiga yoki aksincha, deflyatorning o‘sib borishi ma’lum vaqtdan keyin inflyatsiya jonlanib qolishi mumkinligiga ishoralar ko‘rsatadi», — deb yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Avvalroq, 2025 yilgacha aholi jon boshiga YAIMni $2500 ga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilda aholi jon boshiga YAIM hajmini 1,6 barobarga oshirish vazifasi oldinda turganligini ta’kidlagandi. Shuningdek, prezident 2023 yil oxirigacha inflyatsiya darajasi 5 foizga tushirilishini aytib o‘tgan edi.