«Adolat» SDP prezidentlik saylovi «yangi O‘zbekistonga xos mutlaqo yangi siyosiy-huquqiy muhitda o‘tkazilganini» ma’lum qildi. «Ushbu prezidentlik saylovi ilk bor Saylov kodeksi asosida tashkil etilgani bilan ham ahamiyatlidir. U tenglik, ochiqlik va oshkoralik, ko‘ppartiyaviylik, muqobillik, kuchli raqobat ruhida kechdi», — deyiladi xabarda.
Sherzodxon Qudratxo‘ja prezident saylovlarining dastlabki natijalarini e’lon qilishdan avval bildirilgan tabriklar MSKni ham hayron qoldirganini ta’kidladi. «Yaxshi xabar tez tarqaladi. Shuning uchun hayratlanmasa ham bo‘ladi, menimcha», — deydi u.
“Milliy tiklanish"dan nomzod Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgani bilan tabrikladi. U “xalqning farovonligi yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib, birgalikda faoliyat ko‘rsatish lozimligini” ta’kidladi.
XDPdan nomzod Maqsuda Vorisova Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgani bilan tabrikladi. U «saylov natijalarini to‘la-to‘kis tan olishini» aytdi. «Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilib, e’lon qilingan „Yangi O‘zbekiston Strategiyasi“ xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin egalladi», — deya qo‘shimcha qildi Maqsuda Vorisova.
Prezidentlikka qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev unga ovoz bergan saylovchilarga minnatdorchilik bildirdi. «Xalqimizning 80 foizdan ko‘pi saylovda ishtirok etgani, ularning yangi O‘zbekistondagi ertangi kuniga befarq emasligidan dalolat», — deya ta’kidladi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 80,1% foiz ovozi bilan ikkinchi muddatga qayta saylandi, deya xabar berdi MSK rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayev. U saylovda nomzodlar o‘rtasida xalqaro standaortlarga mos haqiqiy raqobat bo‘lganligini ta’kidladi.
Har bir nomzodga omad tilagan professor, munosib deb bilgan nomzodiga yettita belgi qo‘ygan saylovchi, “kelajakda tinchlik, arzonchilik, mo‘l-ko‘lchilik” bo‘lishini istaydigan otaxon va taklifnoma olmagan fuqaro — “Gazeta.uz” prezident saylovida ovoz bergan va saylovda qatnashmagan fuqarolar bilan suhbatda bo‘ldi.
Soat 20:00ga qadar prezident saylovida ovoz berganlar 80,8%dan oshdi. Dastlabki natijalar ertaga e’lon qilinadi.
Soat 17:00ga qadar prezident saylovida ovoz berganlar 71,8%dan oshdi. Qator davlatlardagi vakolatxonalarda ovoz berish tugadi. Vashington va Nyu-Yorkda saylov uchastkalari ochildi.
Oilasi bilan saylovda ovoz bergan Senat raisi va hukumat rahbari, bosh prokuror, vazir va viloyat hokimlarining saylovda ishtiroki, “kelajagi uchun ovoz bergan” Komil Allamjonov — “Gazeta.uz” ularning saylov uchastkasida olingan suratlarini to‘pladi.
Soat 15:00ga qadar prokuratura organlari prezident saylovlari jarayonida qonun buzilishi holatlari bo‘yicha xabarlar olgani yo‘q, deya xabar berdi bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev. U qonun buzilishlari haqidagi barcha ma’lumotlar ham prokuratura organlariga yetib bormasligi mumkinligini ta’kidlab, jurnalistlarni Bosh prokuraturaga bunday holatlar bo‘yicha ma’lumot berishga chaqirdi.
O‘zbekistonda prezident saylovlari xalqaro standartlarga mos o‘tkazilmoqda, deya ta’kidladi Rossiya Federal Kengashi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari. Uning fikriga ko‘ra, nomzodlar ilgari surgan dasturlar umuman olganda «o‘zbek xalqining kutilmalariga javob beradi».
YeXHTning maxsus koordinatori Reynxold Lopatka O‘zbekistondagi saylov jarayonining yaxshilanganini qayd etdi. «Sizlar to‘g‘ri. yo‘ldasizlar, lekin bu oxirgi qadam emas, navbatdagi qadamlarni ham qo‘yish kerak», — dedi u. Shu bilan birga u ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Soat 11:00 ga qadar O‘zbekiston prezidenti saylovlarida 33,6% saylovchilar ovoz berishdi. «Demak joriy saylovlar o‘tgan deb hisoblanadi», — dedi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.
Amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev prezidentlik saylovlarida ishtirok etib, o‘z ovozini berdi (foto).
Prezident saylovi uchun tashkil etilgan birinchi uchastkalar Toshkent vaqti bilan Seul va Tokioda 4:00da ochildi. Oxirgi bo‘lib Nyu-Yorkdagi saylov uchastkasi 25 oktabr kuni ertalab yopiladi. MSK rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayev qonun buzilishi holatlari haqida ma’lumot kelib tushmaganini ma’lum qildi.
“Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov 116-saylov uchastkasida ovoz berdi.
Adolat partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov Toshkent shahridagi saylov uchastkasida ovoz berdi.
Saylov uchastkasini qanday aniqlash mumkin? Saylov byulleteni qanday to‘ldiriladi va uni suratga olish mumkinmi? «Gazeta.uz» saylov kuni qanday va qayerda ovoz berish mumkinligi haqidagi savollarga javob beradi.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 14−20 oktabr kunlari prezidentlik saylovlarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida jami 421 618 nafar fuqaro qatnashdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting