24 oktabr, yakshanba kuni, O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Saylovda O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan beshta partiyalarning nomzodlari ishtirok etmoqda.

Saylov uchastkasini qanday aniqlash mumkin? Saylov byulleteni qanday to‘ldiriladi? Uni suratga olish va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish mumkinmi? Saylov uchastkasiga borolmaydiganlar nima qilishi kerak? «Gazeta.uz» ovoz berish jarayoni bo‘yicha asosiy saylovlarga javob tayyorladi.

Saylov uchastkasini aniqlash

Saylovdan bir necha kun oldin saylov uchastkalari saylov vaqti, kuni va joyi to‘g‘risida saylovchilarni xabardor qilish uchun taklifnomalarni tarqatadi. Taklifnoma berilmagan bo‘lsa ham siz bemalol 24 oktabr sanasida saylovda ishtirok etishingiz mumkin.

Qoidaga ko‘ra, saylovchilar doimiy yashash joylari bo‘yicha saylov uchastkalariga biriktiriladi va o‘sha yerda ovoz berishlari mumkin bo‘ladi. Doimiy yashash hududidan boshqa viloyatga kelib o‘qiyotgan talabalar o‘zlarining OTMlarida tashkil etilgan saylov uchastkasida ovoz berishlari mumkin.

Saylov uchastkasini Markaziy saylov komissiyasi saytida yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aniqlashingiz mumkin. «Gazeta.uz» bu haqda batafsil qo‘llanmani e’lon qilgan edi.

Saylovdan oldin saylov uchastkangizni o‘zgartirgan bo‘lsangiz, unda o‘zgartirilgan uchastkada ovoz berish kerak bo‘ladi.

Saylov kuni

Saylov kodeksiga muvofiq, ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.

O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi.

Saylov uchastkasiga quyidagi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan biri bilan borish lozim:

  • fuqarolik pasporti;
  • xorijga chiqish uchun biometrik pasport;
  • ID-karta;
  • harbiy guvohnoma;
  • yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi;
  • fuqarolik pasportini yo‘qotgan fuqarolarga ichki ishlar organlari tomonidan berilgan vaqtinchalik ma’lumotnoma;
  • jazoni o‘tab bo‘lganlik yoki jazodan ozod qilinganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Ovoz berish binosiga kelgach, saylovchi uchastka saylov komissiyasining a’zosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Biron-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.

Saylovchi ro‘yxatdan o‘tgach unga saylov byulleteni beriladi. Har bir saylovchi o‘zi uchun ovoz beradi va boshqa shaxs uchun ovoz bermoqchi bo‘lgan saylovchiga saylov byulletenini berish ta’qiqlanadi.

Saylovchining iltimosiga binoan saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaret berilishi mumkin.

Saylovchi saylov byulletenini yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiradi. Saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi ta’qiqlanadi.

Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli. Bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

Saylov byulletenini to‘ldirish

Saylov byulletenida saylov sanasi, prezidentlikka nomzodlar haqida ma’lumotlar, ovoz berish uchun bo‘sh kvadrat va saylovchilarga eslatmalardan iborat ma’lumotlar bo‘ladi.

Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi.


2021 yilgi prezidentlik saylovlarida ishlatiladigan byulleten namunasi. Foto: Markaziy saylov komissiyasi.

Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki «√» yoxud «x» belgisini qo‘yadi.

Muhim: Ovoz berish chog‘ida bittadan ortiq kvadratga «+» yoki «√» yoxud «x» belgisi qo‘yilsa yoki bitta ham kvadratga bunday belgi qo‘yilmagan bo‘lsa, bunday saylov byulleteni haqiqiy emas deb topiladi va ovozlarni sanashda u inobatga olinmaydi.

Agar saylov byulletenini buzib qo‘ysangiz, uni yangisiga almashtirishni iltimos qilishingiz mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, ovozlarni sanab chiqish jarayonida bekor qilinishi (yuqori chap burchagini kesish yoki saylov byulletenining orqa tomonida tegishli belgi qo‘yish yo‘li bilan) va alohida saqlanishi lozim.

Ovoz beruvchi saylov byulletenini to‘ldirib bo‘lgach, uni saylov qutisiga tashlaydi.

Saylov byulletenini suratga olish mumkinmi?

Saylov byulleteni yoki saylov uchastkasini (tashqaridan yoki ichkaridan, shu jumladan ovoz berish kabinasi yoki xonasi ichida) suratga olish bo‘yicha taqiqlar yo‘q.

Markaziy saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, saylov byulletenini to‘ldirilgan holatda suratga olib, uni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatish qat’iyan taqiqlanadi.

«Saylov byulletenini ovoz berib bo‘lgach suratga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish saylovning yashirin ovoz berish prinsipini buzish demakdir», — deyiladi MSK xabarida.

Saylov uchastkasiga bora olmaydigan fuqaro qanday ovoz beradi?

Ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning saylov kuni yoki saylov kuniga qadar qilgan yozma yoki og‘zaki iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

Uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishi mumkin.

Saylov jarayonida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganigiga guvoh bo‘lsangiz, 1200 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z shikoyatingizni qoldirishingiz mumkin.