O‘zbekiston prezidenti saylovlarining nazorat qilinishi va o‘tkazilish tartibi umuman olganda demokratik saylovlar sohasidagi xalqaro standartlar, MDH konvensiyasi va MDH Parlamentlararo assambleyasining tavsiyalariga javob beradi. Bu haqda Toshkentdagi brifingda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Federatsiya Kengashi xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Farit Muxametshin MDH PA missiyasi nomidan qilgan chiqishida.

O‘zbekistonning milliy qonunchiligi prezident saylovini ovoz berishga teng umumiy huquq asosida, mustaqil saylov organlari tizimiga tayangan holda tashkil etish va o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy normativ asoslarni o‘z ichiga oladi, deya ta’kidladi u.

«Taassurotlarimning eng asosiysi — bu yaxshi kayfiyat. Tushlik paytiga kelib saylov uchastkalarida 50%gacha saylovchilar ovoz berishdi. Ko‘plab saylovchilar mamlakatda oddiy xalq intilishlariga javob beradigan tub o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlamoqda. Prezidentlikka nomzodlar umuman olganda o‘zbek xalqining kutilmalariga mos dasturlarni ilgari surishdi — bu ijtimoiy masalalar, iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘liq ko‘plab muammolardir», — dedi Farit Muxametshin.

O‘zbekistondagi prezident saylovlarini MDH PA tomonidan 50 dan ortiq kishi kuzatmoqda. Ularning yarmi O‘zbekistonda bo‘lsa, qolganlar boshqa mamlakatlarda ochilgan saylov uchastkalarida jarayonni kuzatishmoqda.

«Bizning missiyamiz bugun butun mamlakat bo‘ylab o‘tmoqda — Samarqandda, Buxoroda va boshqa hududlarda — va biz kechki payt bildirilgan yoki guvohi bo‘lgan barcha izohlarimiz va tilaklarimizni bildiramiz», — deya qo‘shimcha qildi Farit Muxametshin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MDH PAning birlamchi uzoq muddatli missiyasi O‘zbekistonga ekspert-mutaxassislar sifatida saylovdan ancha oldin yetib kelgan. Ular saylovni o‘tkazish bo‘yicha qonunchilikning xalqaro standartlarga mosligini o‘rganish uchun Markaziy saylov komissiyasi, respublika va mahalliy hokimiyat organlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishgan.