«Adolat» SDP tomonidan 25 oktabr kuni Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida prezidenti saylovi yakunlari bo‘yicha brifing o‘tkazildi. Bu haqda partiya axborot xizmati xabar berdi.

Brifingda «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi, partiyadan saylovda nomzod sifatida ishtirok etgan Bahrom Abduhalimov bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, prezidentlik saylovi yangi O‘zbekistonga xos mutlaqo yangi siyosiy-huquqiy muhit, yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda, yuksak tashkiliy saviyada, milliy hamda xalqaro qonunchilik norma va talablariga to‘liq rioya etilgan holda o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, saylovchilar tomonidan davlat va jamiyatning barqaror rivoji, turmush darajasi va farovonligini oshirish bo‘yicha dolzarb savollar o‘rtaga qo‘yildi.

Bahrom Abduhalimovning ta’kidlashicha, «ushbu prezidentlik saylovi ilk bor Saylov kodeksi asosida tashkil etilgani bilan ham ahamiyatlidir. U tenglik, ochiqlik va oshkoralik, ko‘ppartiyaviylik, muqobillik, kuchli raqobat ruhida kechdi. Saylov partiya uchun mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rnini mustahkamlash, elektorati manfaatlarini ifodalash imkonini berdi».

Qo‘shimcha qilinishicha, respublika bo‘yicha barcha saylov uchastkalarida partiyadan jami 11 mingdan ortiq kuzatuvchi va yana shuncha vakolatli vakillar ovoz berish jarayonlarini kuzatib bordi.

«Saylov jarayonlarida qonunbuzilish holatlari bo‘yicha partiya markaziy shtabiga va hududiy shtablarga hech qanday shikoyat yoki murojaatlar kelib tushmadi», — deyiladi «Adolat» SDP xabarida.

Bahrom Abduhalimov «saylov kampaniyasi davrida barcha nomzodlarga saylovoldi tashviqotini amalga oshirish uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar va teng sharoitlar uchun» Markaziy saylov komissiyasiga minnatdorchilik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha XDPdan nomzod Maqsuda Vorisova, «Milliy tiklanish»dan nomzod Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni g‘alaba bilan tabrikladi. Shuningdek, Ekologik partiya yetakchisi Narzulla Oblomurodov partiyadoshlarini «tarixiy g‘alaba» bilan tabrikladi.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev saylovda 80,1 foiz ovoz to‘pladi. Boshqa nomzodlar quyidagi ovozlarni to‘plashdi: XDPdan nomzod Maqsud Varisova — 6,6%, «Milliy tiklanish» yetakchisi Alisher Qodirov — 5,5% va «Adolat» sotsial -demokratik partiyasi rahbari Bahrom Abduxalimov — 3,4%.