Soat 15:00ga qadar prokuratura organlariga saylov jarayonida qonun buzilishi holati ro‘y bergani haqida xabar va murojaat kelib tushmadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazidagi brifingda O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshev xabar berdi.

MSK va boshqa idoralar ham prokuraturaga saylovlardagi qonun buzilishlari haqida materiallar taqdim etishgani yo‘q, deya ta’kidladi u.

14−20 oktabr kunlari 421618 kishi (shulardan 301 ming nafari O‘zbekistonda) ishtirok etgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida ham qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida murojaatlar kelib tushmadi.

Nig‘matulla Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, agar saylov qonunchiligi buzilganligi haqida xabar va murojaatlar kelib tushsa yoki ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biror ma’lumotlar e’lon qilinsa, ular o‘sha zahoti Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan shtab tomonidan alohida nazoratga olinadi.

«Bunday murojaatlar tezkor ravishda qonun doirasida mukammal o‘rganiladi va ulardagi har bir holatga huquqiy baho beriladi», — dedi u.

Bosh prokuror saylov qonunchiligining buzilishi ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida eslatib o‘tdi. Fuqarolar saylov qonunchiligini buzish holatlariga guvoh bo‘lsa hududiy prokuratura organlariga yoki Bosh prokuraturaning 1007 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev jurnalistlarga qarata shunday dedi: «Qonun buzilishi holatlari haqidagi hamma ma’lumot ham bizgacha yetib kelmasligi mumkin. Sizlar bevosita joylarda saylov uchastkalari va okruglarida vaziyatni o‘rganib, saylovchilar, saylov komissiyalari vakillari bilan muloqotdasiz. Agarda, sizlarda qonun buzilishi to‘g‘risida biron-bir ma’lumot mavjud bo‘lsa, uni Bosh prokuraturaga taqdim etsangiz, uni zudlik bilan o‘rganib, tegishli baho berilishini ta’minlash choralarini ko‘ramiz. Biz bunday hamkorlikka tayyormiz».