Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti maxsus koordinatori, YeXHTning O‘zbekistonda prezidentlik saylovlarini kuzatuvchi qisqa muddatli missiyasi rahbari, avstriyalik deputat Reynxold Lopatka jurnalistlar bilan suhbatda saylov kampaniyasi va prezident saylovi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. U saylov kuzatuvchichi sifatida Toshkentdagi qator saylov uchastkalariga tashrif buyurdi.

Uning ta’kidlashicha, prezident saylovi, 2019 yil dekabrdagi parlament saylovlari kabi, yaxshi darajada tashkillashtirilgan.

Bundan tashqari, Reynxold Lopatka so‘nggi yillarda saylovlar sohasida mamlakatda rivojlanish bo‘lganini qayd etdi. «Sizlar to‘g‘ri yo‘ldasizlar, lekin bu oxirgi qadam emas, navbatdagi qadamlarni qo‘yish kerak», — dedi u.

Shu bilan birga, YeXHT vakili saylovdagi ayrim kamchiliklarni ham qayd etdi. «[Saylov uchastkalaridan birida] bir kishining saylov qutisiga ikkita byulleten tashlaganini ko‘rdim, nega bunday qilganligini bilmayman», — deya ta’kidladi u.

Reynxold Lopatkaning fikriga ko‘ra, saylov kampaniyalari davomida prezidentlikka nomzodlarning mulohazalarida katta farqlar kuzatilmagan.

«Avstriyada nomzodlar o‘rtasida raqobat va kurash ancha kuchliroq. Garchi siz saylangan prezident bo‘lsangiz ham, boshqa nomzodlar kampaniya davomida siz haqingizda tanqidiy fikrlar bilidirishi mumkin. Bu mening yurtim va O‘zbekiston o‘rtasidagi katta farq», — dedi u.

Nomzodlarning saylov kampaniyasini yoritish masalalari bo‘yicha Reynxold Lopatka quyidagi fikrlarni bildirdi:

«Albatta, [saylov kampaniyasini yoritish] teng bo‘lmadi, lekin bu g‘arb mamlakatlarida ham kuzatiladi, u yerda ham amaldagi prezidentni boshqa nomzodlarga qaraganda ko‘proq yoritishadi», — dedi u.

«Ehtimol, bu yerda prezident ko‘proq yoritildi, lekin bu noodatiy holat emas, buni Yevropa mamlakatlarida ham ko‘rish mumkin», — dedi YeXHT vakili.

Ma’muriy resurslarning ishlatilishi borasida u shunday dedi: «Yevropaning ayrim davlatlarida qat’iy talablar mavjud va undan (ma’muriy resurslardan) foydalanishning iloji yo‘q. Aniq talablar bo‘lishi, qonunchilik bilan belgilanishi doimo muhim».

Bundan tashqari, Reynxold Lopatka nomzodlarning faqat siyosiy partiyalardan ko‘rsatilishiga ham to‘xtaldi. «Ba’zi partiyalar ro‘yxatga olinmadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Video