MSK a’zosi Sherzodxon Qudratxo‘ja saylov natijasi e’lon qilinishidan avval bildirilgan tabriklar yuzasidan munosabat bildirdi. Bu haqda u «Makon Media»ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Biz — Markaziy saylov komissiyasi ham hayron qoldik bu xabarlar hali natijalar e’lon qilinmasdan berilishiga. Lekin, men o‘ylaymanki biz bu savolni o‘sha mamlakatlarning ommaviy axborot vositalariga berishimiz to‘g‘ri bo‘ladi», — deydi u.

Sherzodxon Qudratxo‘ja «yaxshi xabar tez tarqalishini» aytib o‘tdi.

«Shuning uchun hayratlanmasa ham bo‘ladi, menimcha. Biz hamma nomzodga teng, xolis munosabatdamiz. Va men boshqa kuzatuvchilarning bu gapini sharhlay olmayman», — deya qo‘shimcha qildi MSK a’zosi.

Eslatib o‘tamiz, kecha Markaziy saylov komissiyasi prezident saylovlarining dastlabki natijalarini e’lon qilishdan avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovidagi «ishonchli g‘alabasi» bilan tabriklagan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zLiDeP nomzodi, amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev foiz 80,1% ovoz bilan g‘alaba qozondi.

Shuningdek, XDP nomzodi Maqsuda Vorisova 6,6%, «Milliy tiklanish» nomzodi Alisher Qodirov 5,5%, Ekopartiya nomzodi Narzullo Oblomurodov 4,1% va «Adolat» nomzodi Bahrom Abduhalimov 3,4% ovoz olishdi.