24 oktabr kuni O‘zbekistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylov uchastkalari yopilgan vaqt, soat 20:00 ga qadar O‘zbekiston hududida 80,8% dan ortiq saylovchilar ovoz berishdi. “Gazeta.uz” ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar va saylovda qatnashmagan fuqarolardan saylov bo‘yicha fikrlarini so‘radi.

Uchtepa tumani 116-maktabdagi 206-saylov uchastkasida ovoz bergan fuqaro Nafisa Rahimova o‘zi ovoz bergan nomzodning dasturi bilan tanishib chiqqanini ta’kidladi. Saylovchi Ravshanjon Dadamatov esa ovoz bergan nomzodi saylovda 100 foiz g‘alaba qozonishiga ishonishini aytdi. U saylov jarayonlari “kelajak uchun muhimligini” bildirdi.

Yana bir saylovchi, otaxon Botir Hakimov “kelajakda tinchlik, arzonchilik, mo‘l-ko‘lchilik” bo‘lishini istashini aytdi.

Illyustratsion surat. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Boshqa bir saylovchi Kamola Abdurazzoqova ovoz bergan nomzodining saylovoldi dasturini televideniye orqali eshitganini bildirdi.

“Ishonchim komil bo‘lgani uchun shu insonga ovoz berdim. Saylovoldi dasturlarda eshitganlarimdan keyin o‘zim ishongan insonga ovoz berdim. Xudo xohlasa, O‘zbekiston bundanda gullab yashnaydi. Eng muhimi tinchligimiz. Saylovda ovoz berish har bir insonning burchi, deb hisoblayman”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti professori Turg‘un Ziyayev prezidentlikka nomzodlarning hammasining saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqqanini aytdi.

“Hammalarining dasturlari hozirgi yangi O‘zbekistonning talablariga 100 foiz javob beradi. Har bir nomzodga omad tilayman”, — deydi u. U saylovda ovoz bergan “har bir inson o‘zining konstitutsion burchini bajarishini” aytdi.

Turg‘un Ziyayev.

Poytaxtning 110-maktabdagi 105-saylov uchastkasiga ovoz berish uchun kelgan fuqarolardan biri “saylovlarda O‘zbekiston kelajagi uchun ovoz berishini” aytdi. “Prezident xalq uchun, biz uchun, O‘zbekiston uchun fidokorona xizmatlarni amalga oshiradi. Kelajagimiz o‘zimizni qo‘limizda”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Sharof Rashidov mahallasi faoli Sevara Asanova O‘zbekistonda har bir fuqaro “erkin, mustaqil saylash huquqqiga ega ekanligini” qayd etdi.

“Yurtimiz tinchligi, obodonchiligi, osoyishtaligini boshqaradigan — bu yurtboshi bo‘ladi. Shuning uchun saylovda qatnashish har bir insonning vazifasi, deb o‘ylayman. Majburiyat emas, insoniylik vazifasi, deb bilaman. Xalqni o‘ylaydigan insonni saylash kerak”, — deydi u.

Saylovchi 4,5 yil davomida Sharof Rashidov mahallasi raisi bo‘lganini aytib o‘tdi. “Bizning mahallamiz ziyolilar mahallasi. Ular har bir qonun-qoidaga yaxshi qarab, qo‘llab-quvvatlaydigan mahalla. Bizda qariyalar ko‘p. Bu kunni intizorlik bilan kutib yurgan mahalladoshlarimiz bor. Ular ham kelishmoqda. Bu saylov o‘z fikrini bildirish, deb o‘ylayman”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Saylovchi Nigina Najmiddinova “bir insonning ovozi ko‘p narsani hal qilishini” aytdi. “Shuning uchun ham bu jarayon muhim”, — deydi u.

Bir necha yillar davomida O‘zLiDePning hududiy kengashi rahbari bo‘lgan Ne’mat Qosimov ham o‘z turmush o‘rtog‘i bilan saylovda qatnashish uchun kelgan. Uning fikricha, hozirgi saylov “butkul boshqacha”.

“Hozirda insonda ishonch tug‘ildi. Avvalgi davrda ko‘p aytilardi, afsuski biriga ishonsa, biriga ishonilmasdi. Hozirgi qilinayotgan ishlarga xalqimiz ishonch bilan qarayapti”, — deydi u.

Ne’mat Qosimov turmush o‘rtog‘i bilan. Foto: Abdulla Yodgorov / “Gazeta.uz”

70-saylov uchastkasida ovoz bergan 23 yoshli Miraslava “o‘z huquqidan foydalanishini va ovoz berish imkoniyati paydo bo‘lganidan beri saylovlarni o‘tkazib yubormasligini” aytdi.

“Birinchi marotaba men 2016 yilda, 18 yoshga to‘lganimda prezidentlik saylovlarida ovoz berganman. O‘shanda menga ovoz berish jarayonini to‘liq tushuntirib, esdalik sovg‘alar topshirishgan edi. „Men ovoz berdim, senchi?“ degan stiker ham berishdi va men uni faxr bilan yopishtirib oldim (o‘shanda ular ikkita tilda edi, bu yil buni payqaganim yo‘q)”, — deydi u.

Illyustratsion surat. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Ta’kidlanishicha, bu yil uning uyiga saylovdan ikki hafta oldin taklifnomalarni olib kelishgan.

“Taklifnomada belgilangan saylov uchastkasiga borsam, menga boshqa joyda ovoz berishim kerakligini, lekin qulay bo‘lsa shu yerda ham ovoz berishim mumkinligini aytishdi. Men rozi bo‘ldim. Aniq bir qarorga kelish uchun nomzodlarning dasturi bilan yana tanishmoqchi bo‘ldim, lekin yaqin atrofda dasturlar yo‘q edi. Yaxshiyam texnologiyalar asridamiz, hamma ma’lumot internetda bor, men qaror qabul qildim va byulletenni qutiga tashladim”, — deya qo‘shimcha qiladi Miraslava.

Nafaqaxo‘r Igor Strelnik saylovga kelishi sababini aytib berdi.

“Saylovga kelishimdan sabab — O‘zbekistonning kelajagiga befarq emasman. Amaldagi rahbariyat umuman olganda yomon emas. Lekin, bitta nomzod, masalan, o‘z dasturida korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash haqida gapirgan”, — deydi u.

Igor Strelnik. Foto: Sabina Bakayeva / “Gazeta.uz”

“Men u uchun ikkita „galochka“ qo‘ydim, ikkita plyus qo‘ydim va uchta undov belgisi qo‘ydim, chunki menga uning tarjimayi holi va saylovoldi dasturi yoqdi”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Igor Strelnikning fikriga ko‘ra, “O‘zbekistonda tepadan pastgacha korrupsiya mavjud”.

“Odamlar bilan gaplashganda ular: „Mentalitetimiz shunday. [Korrupsiya] oldin ham bo‘lggan, bundan keyin ham doim bo‘ladi“, deyishadi. Men ovoz berish uchun keldim va shu orqali mening xalq sifatidagi kichik ovozim eshitilsin”, — deydi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “agar hamma nimadir desa, o‘zgarish bo‘lishi mumkin”. “Umuman olganda esa, bizda hamma narsa mamlakatni kim boshqarishiga bog‘liq. Bunday bo‘lishi kerakmas-ku. Bitta odam hamma narsani qamrab ololmaydi. Shuning uchun ham, davlatning ijtimoiy hayotida ko‘plab odamlar ishtirok etishi lozim”, — deydi Igor Strelnik.

“Gazeta.uz” saylovda ovoz bermagan fuqarolardan ham nega ushbu jarayonda ishtirok etishmagani haqida so‘radi.

Fuqaro Viola Jafarovaning so‘zlariga ko‘ra, uning amaldagi yashash joyi biriktirilgan saylov uchastkasiga to‘g‘ri kelmaydi.

“Bola bilan uzoqqa borgim kelmadi. Men nomzodlar dasturi bilan yuzaki tanishib chiqdim. Hal qiluvchi omil ularning jinsi bo‘ldi”, — deydi u.

Yana bir fuqaro Sergey Xalin “uyda emasligi va unga taklifnoma yuborishmagani sababli saylovga bormagan”.

“Dasturlar bilan tanishmadim, chunki men ularning rus tilidagi versiyasini topmadim, o‘zim esa qidirganim yo‘q”, — deya qo‘shimcha qiladi u.