Bugun “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida brifing bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi partiya axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, brifingda Alisher Qodirov so‘zga chiqib, O‘zbekiston prezidenti saylovi nihoyasiga yetganini qayd etdi.

Partiya raisi ushbu saylov natijalarini esa keyingi yillarda mamlakatni yangilash, hayotning barcha sohalarini yanada demokratlashtirishga qaratilgan siyosat in’ikosi bo‘lganini ta’kidladi.

“Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni o‘zi va partiya nomidan samimiy tabriklab, barchaning umumiy maqsadi bo‘lgan ona Vatanning taraqqiyoti va xalqning farovonligi yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib, birgalikda faoliyat ko‘rsatish lozimligini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida “Milliy tiklanish” nomzod sifatida Alisher Qodirovni ko‘rsatganida u prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishni niyat qilayotganini birdirgan edi. Qodirov o‘shanda mazkur saylov avvalgilaridan farq qilishini aytgandi.

sentabr oyida Alisher Qodirov jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda saylovda o‘ziga bitta Shavkat Mirziyoyevni raqib sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq XDPdan nomzod Maqsuda Vorisova Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgani bilan tabriklagani haqida xabar berilgan edi. U “saylov natijalarini to‘la-to‘kis tan olishini” aytdi. “Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilib, e’lon qilingan „Yangi O‘zbekiston Strategiyasi“ xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin egalladi”, — deya qo‘shimcha qildi Maqsuda Vorisova.