O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev 8.00 da boshlangan prezident saylovi qonunchilikka va demokratik tamoyillarga mos holda o‘tayotganligini ta’kidladi.

«Soat 8:00da mamlakatimizda tashkil etilgan 10 ming 761 ta saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi va saylovchilar ovoz berishga kirishdi», — dedi u Toshkentdagi brifingda. Saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov tashkilotchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratilganligi qayd etildi.

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga binoan saylov ilk bor oktabr oyida o‘tkazilmoqda. 14 oktabrdan 20 oktabrgacha o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan 421 ming 618 nafar saylovchi foydalandi.

Barcha saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov tashkilotchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

O‘zbekistonning 37 ta xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida tuzilgan 54 ta saylov uchastkalari ish olib boradi. Ovoz berish birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand, Hindiston va Rossiyaning Uzoq Sharqdagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida boshlandi.

Ovoz berish Toshkent vaqti bilan soat 4:00 da Tokio va Seulda boshlanib, 25 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan 6:00da Nyu-Yorkda yakunlanadi, dedi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Bu yil saylovchilar ro‘yxatiga jami 19 million 859 ming 127 nafar saylovchi kiritilganligi aniqlashtirildi. Oldinroq ushbu raqamlar 21,2 milliondan ortiqligi haqida aytilgan edi.

Birinchi marotaba beshta siyosiy partiya nomzodi ishtirok etgan сайлов kampaniyasi davrida partiyalar tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmadi, deya ta’kidladi MSK rahbari.

Saylovni jami 971 nafar xalqaro kuzatuvchilar, jumladan yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotdan 631 nafar, ellikka yaqin davlatdan kelgan 340 nafar xalqaro kuzatuvchilar bevosita kuzatib bormoqda. Siyosiy partiyalardan 53 ming 717 nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqari organlaridan 10 ming 733 nafar kuzatuvchilar saylovni bevosita kuzatmoqda.

1672 nafar mahalliy va xorijiy OAV vakillari saylovni yoritib bormoqda.

Zayniddin Nizomxo‘jayev saylov qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlansa sud, prokuratura organlari yoki saylov komissiyalariga murojaat qilish mumkinligini ma’lum qildi. Buning uchun barcha saylov uchastkalarida ma’muriy sudlar va prokuratura organlarining telefon raqamlari haqida ma’lumotlar mavjud.