Xalq demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari, partiya nomidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Maqsuda Vorisova Shavkat Mirziyoyevni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston prezidentligiga bo‘lib o‘tgan saylov natijalari bo‘yicha O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev juda katta farq bilan g‘olib chiqqanini e’lon qildi. XDPdan ko‘rsatilgan nomzod 6,6 foiz bilan 2-o‘rinni egalladi. Biz buni xalqimiz siyosiy irodasining amaldagi ifodasi, deb bilamiz va saylov natijalarini to‘la-to‘kis tan olamiz», — dedi u partiya tashkil etgan brifingda.

Maqsuda Vorisova «xalqning ushbu tanlovini hurmat qilishini va qadrlashini» ta’kidladi.

«Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilib, e’lon qilingan „Yangi O‘zbekiston Strategiyasi“ xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin egalladi. Biz ham, o‘z navbatida, saylangan prezidentga xalqimiz farovonligini ta’minlash va yurtimiz ravnaqiga qaratilgan ulug‘vor maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda o‘zimizning hissamizni qo‘shishga va tinimsiz ishlashga tayyorligimizni bildiramiz», — deya qo‘shimcha qildi Maqsuda Vorisova.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 80,1% foiz ovozi bilan ikkinchi muddatga qayta saylandi.

Shuningdek, XDP nomzodi Maqsuda Vorisova 6,6%, «Milliy tiklanish» nomzodi Alisher Qodirov 5,5%, Ekopartiya nomzodi Narzullo Oblomurodov 4,1% va «Adolat» nomzodi Bahrom Abduhalimov 3,4% ovoz olishdi.

sentabr oyida Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston Strategiyasi» nomli kitobi chop etilgani haqida xabar berilgan edi. Unda Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni qurish bo‘yicha qilinayotgan ishlar va milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritiladi.

Avgust oyida XDP partiyasi markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumidan keyin bo‘lib o‘tgan brifingda Maqsuda Varisova saylovda g‘alaba qozonsa, avvalo ishsizlik va bandlik sohasida islohotlar qilishini ta’kidlagan edi. Uning ta’kidlashicha, prezidentlikka nomzodlar orasida ayol kishining bo‘lishiga gender tenglik tamoyili sabab emas. «Xalq orasidan chiqqan oddiy bir ona, oddiy bir ayol bo‘lganim sababli ham, xalqimizni qiynab turgan muammolarni quyidan bilganim uchun ham meni tanlashdi, deb o‘ylayman», — degan edi u.