Toshkentning Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi mumkin. Faollar bu joyga ko‘prik emas, “odamlar dam oladigan jamoat makoni, shahar muhiti kerak”ligini ta’kidlayapti. Mushtariylar 2022-yilgi rekonstruksiyadan so‘ng Navoiy ko‘chasida tirbandlik muammosi kamayganini ham eslatdi.
SSV Nurafshon shahridagi tug‘uruqxonada homilador ayol chaqalog‘i bilan vafot etgani yuzasidan ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, ayol muassasaga o‘ta og‘ir ahvolga keltirilgan va “sepsis. I-II darajali septik shok” tashxisi qo‘yilgan. Biroq olib borilgan jadal reanimatsion terapiyaga qaramay, ayol vafot etgan.
Adliya vazirligi OAV va blogerlarni «jamiyatdagi muammolarni faqat huquqiy vositalar asosida hal qilish»ga chaqirib, OAVdagi tuhmat va haqorat uchun jazolarni eslatdi. Faollar esa bu kabi eslatmalardan «so‘z erkinligi yutqazayotgani», «erkin matbuot hali adliyaning o‘ziga ham kerak bo‘lishi»ni ta’kidladi.
Toshkentda bedarak yo‘qolgan 12 yoshli qiz murdasi jinsiy zo‘rlash belgilari bilan topilgani odamlarni junbishga keltirdi. Jamoatchilik bunday jinoyatlar uchun jazo kuchaytirilishi lozim, degan fikrda. Ayni vaqtda, faollar «bolaning xavfsizligini ota-onaning bo‘yniga yuklashni mas’uliyatsizlik» deb baholamoqda.
Tabiat resurslari vazirligi bokschi Fazliddin G‘oibnazarov ishtirokidagi ov jarayonida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgani va tabiatga zarar yetkazilganini tasdiqladi. Vazirlik sportchining sherigi ov qilish huquqiga ega ekanini qayd etdi. Biroq tarqalgan videoda bokschining ham quroldan o‘q uzgani aks etgan edi.
Toshkentda «sumkamda bomba bor» deb hazillashgan qizning 5 sutkaga qamalishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar metroga kirishdagi tekshiruvlarning samarasiz va hatto mantiqsizligini ta’kidlamoqda.
«Yaxshiroq variantlar borligi aniq», «Bu qanaqadir xususiy bank logotipi emasku», «Koinotdan sovg‘a»… Jamoatchilik faollari o‘zbek so‘mining ramziy belgisi tanlovida g‘olib bo‘lgan loyiha bo‘yicha turlicha fiklar bildirishdi. Ayrimlar o‘z loyihalarini taklif qilishdi. «Gazeta.uz» ularni bir maqolaga to‘pladi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Sputnik`ning mamlakat Rossiya va Belarusdan iborat Ittifoq davlatiga qo‘shilishi mumkinligi haqidagi xabariga javob berdi. Prezident Aleksandr Lukashenko sobiq SSSR respublikalari ittifoqqa qo‘shilishiga ishonch bildirgan.
O‘zbekiston hakamlik sudlari assotsiatsiyasi Toshkent shahar hakamlik sudyasi 2,5 ming dollar pora olayotganda ushlangani haqidagi xabarlarni rad etdi. Jinoyat ustida qo‘lga olingan shaxsning Xalqaro arbitraj sudi sudyasi ekani ma’lum qilindi.
Din ishlari qo‘mitasi toshkentlik tadbirkor ishchi va mijozlar uchun namozxona tashkil etgani uchun jarimaga tortilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, fuqarolar birgalikda ibodat qilishlari uchun diniy tashkilot tashkil etish talab qilinadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputat ayol Feruza Babasheva atrofida bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi. U ayolning bir erkak bilan birgalikdagi fotosuratlari va videosining ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketganini keskin qoralab, «kim va nima bo‘lishidan qat’i nazar, odamni sindirish bunday usul bilan uyushtirilmasligini» ta’kidladi.
«Agarda fuqaro vaksina olishni rad qiladigan bo‘lsa, hech kim uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, tibbiy muassasaga olib borib vaksina qilmaydi», — dedi adliya vaziri Ruslanbek Davletov. Uning ta’kidlashicha, fuqaro rad qilsa, huquqiy oqibatlari bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi. U ish beruvchi esa emlanishni xohlamagan xodimini ma’lum muddat ishdan chetlashtirish va o‘sha davr uchun ish haqi to‘lamasligi mumkinligini aytib o‘tdi.
Nurafshonda sodir bo‘lgan va bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan portlash maishiy ehtiyojlar uchun tabiiy gazni o‘g‘rilash natijasida sodir bo‘lgan. «Hududgazta’minot» kvartira egasi gaz quvurlarini kanalizatsiya sifoni bilan ulaganini ma’lum qildi.
«Navro‘z» qabullar uyi buzilishi boshlanganidan ikki kun o‘tib Qurilish vazirligi bino poydevori 27 smga cho‘kkanini ma’lum qildi. Majmua avariya holatida bo‘lgani sababli uni rekonstruksiya qilish maqsadga muvofiq emas, deb topilgan.
O‘simlik yog‘i narxining o‘sishi tashqi bozorda narxlar oshishi bilan bog‘liq, deya xabar qildi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi. Qo‘mita mamlakatda yog‘ zaxiralari yetarlicha ekanini va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha choralar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Adliya vazirligi mutaxassisi qoidabuzar haydovchilarni tasvirga olib, pul ishlayotganlarni vatanni ham sotishga tayyorlikda ayblagan Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning mulohazalariga javob qaytardi. «Huquqbuzarlikning oldini oluvchilarga „sotqin“ deya tamg‘a bosiladigan bo‘lsa, men ularga qarshi „sotqin“ bo‘lishga tayyorman va bundan g‘ururlanaman», — dedi Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i Shoxidaxon Yuldasheva
«Gazeta.uz»ning Toshkentdagi DXMlar xodimlari 10 oy yarim stavka oylik bilan ishlagani haqida xabariga munosabat bildirildi. Davlat xizmatlari agentligi xodimlar mehnatiga to‘liq haq olganini qayd etdi. Ularning nima sababdan va aynan qachondan yarim stavkaga o‘tkazilgani haqidagi masala esa ochiq qolmoqda.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, AOKAning sobiq rahbari Komil Allamjonov agentlik va OAV o‘rtasidagi bahs bo‘yicha fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, matbuot gapini ayta oladigan, unga nisbatan ogohlantirishlarga e’tiroz bildiradigan va ochiq bahslashadigan davrga yetib keldi.
«Jinoyat qilgan odamning dinga bo‘lgan munosabati har qanday holatda ham oldingi sahnaga olib chiqilmaslik kerak» — Musulmonlar idorasi Qur’oni karim ichiga giyohvand modda yashirgan shaxsning Diniy idora tizimida ishlamasligi haqida ma’lum qildi. Bu haqdagi xabarlarda tilga olingan «imom-xatib», «mulla» so‘zlari «shaxs», deb qayta tahrir qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting