Toshkentda metro bekatiga kirishda «sumkamda bomba bor» deb hazillashgan 19 yoshli qiz 5 sutkaga qamaldi. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. «Gazeta.uz» ushbu muhokamalardagi e’tiborga molik fikrlarni bir materialga to‘pladi.

Voqea

Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekatida 22 oktabr kuni 19 yoshli qiz N.S. ismli qiz Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi sumkasini tekshirayotgan paytda uning ichida bomba borligini aytgan. Ko‘rsatmaga ko‘ra, xodimlar zudlik bilan yaqin atrofdagi hududni o‘rab olgan va voqea haqida navbatchilik bo‘limiga xabar berilgan.

Shundan so‘ng, voqea joyiga Ichki ishlar vazirligi Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi yetib kelgan. Qiz ham vaqtincha hibsga olingan. Sumkani ko‘zdan kechirish chog‘ida undan portlovchi moslama topilmagan. Qizdan nima uchun sumkasida bomba borligini aytganini so‘ralganida, N.S. kayfiyati yaxshi bo‘lgani va shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytgan.

Qiz Shayxontohur tumani 3-ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining qarori bilan N.S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 199-moddasi (maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirish) bilan aybli deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq hamda BHMning 1 barobari (26 oktabr holatiga — 300 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

«Bu xavfsizlik emas, bu faqat teatr»

«Davletovuz» Telegram-kanali muallifi 5 sutkaga qamalgan qiz voqeasiga munosabat bildirarkan, muhim hisoblangan xavfsizlik masalasini samarasiz yo‘l bilan ta’minlamaslik kerakligini ta’kidladi.

«Dunyodagi eng samarasiz mirshablik vazifasi bizning metroga kirishdagi mirshablardir. Eng qimmat, eng samarasiz xavfsizlik chorasi, deb bilaman. Xavfsizlik muhim, lekin samarasiz yo‘l bilan emas. Albatta, shuncha odam bo‘sh o‘tirib, kechagidek holatlarda o‘zidan jiddiy tizim yasab oladi. Agar ertaga metroga kirishdagi barcha mirshablarni olib tashlab, bir yil kutsangiz ham hayot davom etaveradi, metroda xavfsizlik yomon bo‘lib qolmaydi. Shuning uchun masala ko‘tarilganda, mavjud tizimning xatoligi haqida gapirish o‘rinli, deb o‘ylayman. Yana qaysidir xato tizimni tuzatish uchun yana bir xato chora yo‘lini tanlamaslik kerak», — deb fikr bildirgan bloger.

Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»

Jurnalist Aziza Qurbonova «butun mamlakatda „Ogoh bo‘ling!“ sharpalari kezib yurganda, tinchlik eng katta ne’mat ekani uqtirilgan zamonda ham» metroga kirishdagi xavfsizlik ta’minlovchi xodimga bomba masalasida hazillashib gapirgani uchun hech kim uni 5 sutkaga qamaganini eslab o‘tgan.

«Bunda tizimlilik muhim. Doim shunday haziltushunmas va qat’iyatli politsiya bo‘lsa, hamma bilib muomalasini qiladi. Qo‘rqoqning kuchi tuvaloqqa yetibdi tarzida emas. „Paxtakor“ metrosida o‘g‘ri bir qizning sumkasini yulib olib ketganda, metrodagi o‘sha politsiyamizning ishi ham bo‘lmagan. Xavfsizlik degani bombami faqat? Jarima va qat’iy ogohlantirish bilan bitadigan ish edi bu. 5 sutka ortiqcha. Albatta, xavfsizlik jiddiy masala. Balki hazillashuvchilar ko‘payib ketmasligi uchun ibrat ko‘rsatmoqchi bo‘lishgandir. Kim bilsin. Qandaydir shu yerda „jazo qonuniy bo‘lishi mumkin, lekin adolatli bo‘lmasligi mumkin“ degan gapni xulosa qilgim keldi», — deb qo‘shimcha qilgan Aziza Qurbonova.

«Zambarakning o‘qi» kanali muallifi Farhod Fayzullayev metroga tushayotgan yo‘lovchilarning qo‘l yuklarini tekshirishga zarurat yo‘qligini metrodan ham gavjumroq bo‘ladigan bozorlar yoki avtobuslarda bunday tekshiruvlar yo‘qligi misolida tushuntirishga harakat qilgan.

«Qarang-da, metro ichida odam ko‘pmi yo bozorda? Nega unda bozorlarda ham sumka tekshirilmaydi? Nega avtobuslarda tekshirilmaydi? Nega Nyu-York, London, Parij, Olmaota metrolarida sumka tekshirilmasa ham, har kuni portlash bo‘lmaydi? Chunki sumka tekshirish mantiqsizlik. Zamonaviy yo‘llari borki (masalan, kameralar), ular yordamida ham xavfsizlikni ta’minlash mumkin. Sumkalarni tekshirish qanday amalga oshirilishini bilamiz. Olib o‘taman degan odam bemalol olib o‘tadi. Sumka tekshirishning xavfsizlikka aloqasi yo‘q. Bu faqat teatr», — deb yozadi u.

Farhod Fayzullayevning qo‘shimcha qilishicha, «biz butun umr qo‘rquvda yashab katta bo‘lganimiz» uchun, «mana shu azaliy qo‘rquv ortidan qullik mentaliteti, „kimdir nazorat qilib turishi kerak“ degan tushuncha paydo bo‘lgan». «Sumka tekshirilmasa ham, hujjat ko‘rsatilmasa ham, hayot davom etaveradi. Hammayoq portlab ketmaydi. Biz o‘zimizga erkinlik talab qilishimiz kerak, ustimizdan nazoratni emas. Zero, Benjamin Franklin aytganidek, „xavfsizlik evaziga erkinliklaridan voz kechishga tayyor inson erkinlikka ham, xavfsizlikka ham loyiq emas“», — deya xulosa qilgan Farhod Fayzullayev.

Jurnalist Dilroz Abrayeva e’lon qilingan suratlarda qizning bomba sig‘adigan darajada katta emasligiga, tekshiruvchining o‘zi dastlab qiz bilan hazillashgan bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratgan: «O‘sha vaqtda xizmat vazifasini o‘tayotgan xodim ham, menimcha, hazilnamo nimadir degan bo‘lishi mumkinki, qiz haddi sig‘ib bomba bor devorgan. Bu mening taxminim. 5 sutka ko‘p. „Suhbat o‘tkazildi, tushuntirildi, xatosini angladi, uzr so‘radi“, degan yakun yaxshi edi, albatta».

Fotojurnalist Dilruh Isomiddinova esa yuqoridagi fikrni tasdiqlab, «metrodagi nazoratchilarning o‘zida ham gap bor»ligini qayd etib o‘tgan: «Taxminan bir yilcha oldin, doim metroda ish-o‘qishga qatnab yurganimda o‘n kundan biridagina sumkamni tekshirishardi. Shunda o‘zim atay borib tekshirtirardim. Sumkamni yoniga olib borsam, o‘tavering deb turaverishardi. Keyin atay: «Bombam bo‘lsa-chi, qo‘rqmaysizlarmi o‘tkazib yuborishga» desam, o‘yin qilishardi, «sizga ishonamiz, shunday qiz bomba olib yursa-ya, yomon odamga o‘xshamaysiz-ku», deb, xushomad aralash». Boshqa bir foydalanuvchi ham tekshiruv vaqti sumkasini «portlaydi» deganida, tekshiruvchi xodim uni kulib o‘tkazib yuborganini eslagan.

Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev bu holat bo‘yicha «nima deyishga ham hayron»ligini bildirgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar davomida xorijiy mamlakatlar (masalan, Janubiy Koreya, Qatar, Gruziya)dagi metro bekatlariga kirishda Toshkentdagi kabi tekshiruvlar va tekshiruvchilar yo‘qligini ta’kidlaganlar ko‘p. Ayni vaqtda, bu mamlakatlarda «sumkamda bomba bor» deb hazillashganlik uchun 5 sutkalik qamoqdan og‘irroq jazolar tayinlanishi mumkinligi aytib o‘tilgan. Shu bilan birga, metroga kirishda har bir yo‘lovchining sumkasini tekshirishga urinish amaliyoti samarasiz ekanligi ko‘p bor takrorlangan.

Shuningdek, qizning 5 sutkaga qamalishini umumiy qilib xotin-qizlarning kamsitilishiga tenglashtirganlar ham bor. «O‘zbek ayoli, joning nechta seni?! Uyda eringdan dakki eshitasan, kaltak yeysan. Ko‘chaga chiqsang, qamalasan. Mana senga bo‘lgan hurmat-izzat», — deb yozgan Telegram-kanallardan biri.

Tekshiruvchilar nega kerak?

2018 yil kuzida Toshkent metropolitenining tashqi (yerosti o‘tish yo‘llariga) kirish joylaridagi yo‘lovchilarni tekshiruvchi ichki ishlar xodimlari xizmatidan voz kechilgan edi. O‘shanda bu nazoratning bosqichma-bosqich avtomatlashtirilishi bilan izohlangan edi. Oradan 3,5 yil o‘tib, 2022 yil avgustida ba’zi metro bekatlari kirishlarida yana ichki ishlar xodimlari paydo bo‘ldi.

Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi (MXTB) boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvar Hasanov qaytish sabablarini tushuntirarkan, 2019 yilda boshqarma IIVga, Qo‘riqlar boshqarmasi esa Milliy gvardiyaga o‘tkazilgani sababli shaxsiy tarkib va shtatlar qisqargan, shuningdek, yangi metro bekatlari foydalanishga topshirilgan. Shu bois boshqarma vaqtinchalik xodimlarning tashqi kirish joylaridagi navbatchiligini ta’minlay olmagan.

«Shu kungacha bo‘limimizga prezidentning yangi qarori bilan shart-sharoit yaratildi, qo‘shimcha shtatlar ajratildi. Shundan so‘ng biz metroga kiraverishdagi postlarni tiklay boshladik», — dedi Hasanov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bundan asosiy maqsad metro xizmatlaridan foydalanayotgan yo‘lovchilarning manziliga eson-omon yetib borishi, safar davomida to‘liq xavfsizligini ta’minlashdan iborat».

Anvar Hasanov IIO xodimlari barcha yo‘lovchilarni jismonan tekshirishga ulgurmasligini tan olgan, ammo profayling (shaxsning psixologik portretini tuzish va niyatlarining samimiyligini aniqlash usullari to‘plami) tufayli bir qancha jinoyatlar fosh etilganini ta’kidlagan edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, situatsion-tahlil markazini tashkil etish, «aqlli» videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, xodimlarni zamonaviy radioaloqa vositalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Ammo bu tizimlar joriy etilgandan keyin ham o‘tish davrida xodimlar kerak bo‘ladi, chunki, Anvar Hasanovning ta’kidlashicha, «xodimlar qila oladigan ishni kameralar qila olmaydi». Ular o‘tish joylarini qo‘riqlashi, turli jinoyatlar, jumladan, cho‘ntakkesarlikning oldini olishi kutilmoqda.