Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining birinchi va sobiq rahbari Komil Allamjonov shaxsiy Telegram-kanalida AOKA hamda qator internet nashrlari o‘rtasida kechayotgan bahs yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

Allamjonov o‘z munosabatida AOKAning tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsadlarga to‘xtalib o‘tar ekan, bugungi davr matbuotini yangi tug‘ilgan chaqaloqqa, yangi tashkil etilgan agentlikni esa uni oyoqqa turib, yurib ketishi uchun ko‘mak beradigan va himoyalaydigan enagaga o‘xshatdi.

Komil Allamjonov o‘z fikrini davom ettirib, jurnalist yoki blogerlar tomonidan qonunlar buzilsa ham, xatolar bo‘lsa ham ko‘z yumib turilgani, matbuot jonlanib olishi uchun targ‘ib qilinganini ta’kidladi.

«Oradan mana 4 yil vaqt o‘tdi. Urilib, surilib, gohida qashqa bo‘lib, gohida g‘urra, bezori bolalar bilan urishib, talashib, matbuot ancha yetilib, tishlari chiqib, ko‘chada bemalol yura boshladi. Buni kuzatib turgan enaga ham sekin asta o‘zini orqaga tortdi. Bir so‘z bilan aytganda ular chinakam hayotga uchirma qilindi. Endi minbardan turib, sizni himoya qilamiz, bizning himoyamizdasiz deydigan gaplar davri o‘tdi», — deb yozdi u.

AOKAning sobiq rahbari endi har bir jurnalist va bloger avvalo o‘zini o‘zi himoya qila oladigan darajada bo‘lishi kerakligi, qonunlarni yaxshi bilishi, jurnalistika etikalariga rioya qilib ishlashi kerakligiga urg‘u berdi.

«Aslida bu sohada ham tartib bo‘lishi shart. Bu juda muhim. Ana o‘shandagina jurnalistning tili uzun, boshi mag‘rur bo‘ladi. (Vaziyat ko‘rsatyaptiki, spros boshlandi)», — deya qayd etdi Komil Allamjonov.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘tyotgan hafta davomida AOKA va bir qator internet nashrlari o‘rtasida kechgan bahsga ishora qilgan holda «matbuot gapini ayta oladigan, har qanday unga nisbatan ogohlantirishlarga munosabat, e’tiroz bildira oladigan, ochiq bahslasha oladigan davrga ham yetib keldi», — dedi.

«Bu aslida Prezident boshchiligida yaratilgan so‘z erkinligi konsepsiyasining amalda ishlayotgani belgisi bo‘ladi. So‘z erkin bo‘ldiki bosim bo‘lyapti deya olyapsiz, sizga e’tiroz bildirgan davlat tashkilotiga fikringizni bemalol tengma teng ayta olyapsiz. Boshingizga bir urib mana senga xat jim o‘tir deydigan davrlar o‘tganidan darak bu. Albatta qiyinchiliklar ko‘p, lekin kim aytuvdi oson bo‘ladi deb? Ushbu darajaga yetib kelishda bizga ham o‘zi uchun turib bera olish sizga ham oson emas. Shuning uchun ham biz aynan shu safar jim o‘tirdik, kuzatdik va izoh bermadik. Bahslar, tortishuvlar faqat rivojlantiradi davlatni».

Komil Allamjonov hamkasblariga qarata «qo‘lingizni tushirmang… Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Eng asosiysi bilingki, ushbu jarayonga to‘siq yoki qarshiliklar bo‘lishi mumkin, lekin bu foydasiz. Katta g‘ildirak joyidan qo‘zg‘alib yurib bo‘ldi. Endi u to‘xtamaydi. Chunki ushbu islohotning konsepsiyasi juda puxta yaratilgan!» — dedi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz», Kun.uz, Daryo.uz, Podrobno.uz va Repost.uz 20−22 noyabr sanalarida AOKA rahbari Asadjon Xo‘jayev tomonidan imzolangan ogohlantirishlar olgan edi. Xususan, «Gazeta.uz» prezident matbuot xizmati va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari asosida shifoxonalarda davolanayotgan COVID-bemorlari soni bo‘yicha statistik ma’lumotlar o‘rtasidagi nomuvofiqlik to‘g‘risidagi xabarni e’lon qilgani uchun ogohlantirildi. Ogohlantirishdan so‘ng «Gazeta.uz» oddiy xabarni bunday bayon qilishni bo‘rttirish deb hisoblashini ma’lum qildi.

Daryo.uz AOKAning xuddi shu statistika bo‘yicha yo‘llagan xatiga munosabat bildirar ekan, «kelasi safar Prezident matbuot xizmati tarqatgan axborotni imkon doirasida to‘la tekshirishga, xatosi bo‘lsa, tuzatishga urinamiz, albatta», deb yozdi. Shuningdek, Daryo.uz «Qashqadaryoda yashil rangga bo‘yalayotgan chim» nomli xabari uchun ham ogohlantirish olgani ma’lum qilindi.

Kun.uz nashriga yuborilgan ogohlantirish esa boshqa masalada bo‘lgan. Nashr so‘nggi haftalarning eng dolzarb mavzularidan bo‘lgan gaz va elektr ta’minotidagi muammolar bo‘yicha foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini to‘plagan edi. Kun.uz AOKA xatini jurnalistik faoliyatga bosim sifatida baholab, jurnalistlar bilan kurash o‘rniga e’tiborni mamlakatdagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratishga chaqirdi.