Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni Toshkentni aylana turib, Botir Zokirov (Abay) va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish zarurligini ta’kidladi. “Gazeta.uz” bu bahsli qaror ekani haqida maqola e’lon qildi va uni jamoatchilik bilan muhokama qilishga chaqirdi. Bir qator faollar shaharning tarixan shakllanib bo‘lgan markaziy qismida yo‘l o‘tkazgich qurish o‘rinsiz ekanligini ta’kidladi.

“Ko‘prik o‘ldiradi”

“Navoiy ko‘chasi — tamom. Endi bu shahar ko‘chasi emas, balki xalqaro shosse bo‘ladi. Tirbandliklarga to‘la xalqaro shosse”, — deb munosabat bildirgan “Nablyudeniya pod chinaroy” kanali muallifi Feruzxon Yoqubxo‘jayev. “Agar Navoiy ko‘chasi bo‘ylab yo‘l o‘tkazgich quriladigan bo‘lsa, Toshkentni yopib, yangisini quraversa ham bo‘ladi”, — deb fikr bildirgan “Tashkent vokrug” kanali muallifi, jurnalist Boris Jukovskiy.

Davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirov bo‘lajak qurilish loyihasiga munosabat bildirarkan, Misrning Iskandariya shahrida sohil bo‘yidagi tirbandlikni bartaraf etish maqsadida hukumat yo‘l o‘tkazgich va boshqa yo‘l inshootlari qurgani, oqibatda hudud odamlar uchun yanada noqulay ko‘rinish olib, tirbandlik muammosi ham hal bo‘lmagani bilan bog‘liq mashhur holatni eslatdi.

“Shaharni mashinalar ehtiyoji va manfaati uchun o‘zgartirishga urinish alal-oqibat shaharni noqulay qiladi, odamlar hayotini og‘irlashtiradi, ekologiya yomonlashadi. Ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar o‘zi joylashgan hududni “o‘lik zona”ga aylantiradi. Shaharning me’moriy qiyofasi buziladi”, — deb yozgan Xidirov Navoiy ko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgich loyihasini ham qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

“Ko‘prik. Shahar markazida. Tarixiy binolari bor gavjum nuqtada. Bu faqat shahar muhiti emas, balki shahar iqtisodiyoti bilan ham bog‘liq masala. Ko‘priklar atrofi tezda o‘lik hududga aylanadi — odamlar uni aylanib o‘tadi, mashinalar o‘tib ketadi. Ish o‘rinlari, budjetga tushumlar va qulay shahar o‘rniga qaqshagan yer qoladi. TAPOiCh bilan shunday bo‘lgandi, endi Qo‘yliq bilan ham shunday bo‘lyapti”, — deya qayd etgan “Pik Skartarisa” kanali muallifi, tahlilchi Temurmalik Elmurodov.

Uning ta’kidlashicha, bu nuqtada ko‘prik qurish emas, jamoat makonini yaratish kerak: “Yo‘lni toraytirish (4 polosa qoldirib — ikkita u tomonga, ikkita bu tomonga), keng trotuarlar yotqizish, daraxtzor va maysazor tashkil etish, skameykalar qo‘yish va favvoralar o‘rnatish kerak”. Shunday qilinsa, Elmurodovning fikricha, hamma yutadi: “Biznes mijozlarga, odamlar esa dam olish joyiga ega bo‘ladi. budjetga tushumlar daryodek oqa boshlaydi… Yo‘l o‘tkazgich esa bularning barini o‘ldiradi. Tirbandliklar ham kamaymaydi”.

“Toshkentga… 2000-yillarning me’yorlari bilan yashaydigan emas, balki 2023-yilda zamonaviy shahar nima ekanini tushunadigan ilg‘or, Toshkentning aholiga qulay shahar bo‘lishi uchun qayg‘uradigan, shahar muhiti degan tushunchani tushunadigan hokimiyat bo‘lsa. Toshkentga shahar va shaharliklar manfaatlarini himoya qiladigan, shaharni sevadigan, ekspertlarga quloq solishga va o‘z qarorlari bilan shaharda yomon emas, balki yanada yaxshiroq qilishga qobil hokim zarur”, — deb yozgan “Pyatnitskiy marketing” kanali muallifi, marketing mutaxassisi Alisher Jumaniyozov Toshkentga urbanistlar kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Urbanist Iskandar Soliyev esa “Toshkent o‘tgan asrdagi Detroytga aylantirilayotgani”dan noroziligini bildirgan. “Urbanist va ekspertlarning fikrlari hech kimga qiziq emas… Vazirliklarda konservativ, qadimchi, avtomobilparast mutaxassislar hali ham yetarlicha ko‘p”, — deb yozgan u.

Rasmiylar hozircha “zarur” deb ta’kidlangan yo‘l o‘tkazgichning qanday bo‘lishi va qaysi ko‘chadan o‘tishi haqida ma’lumot bermadi. Urbanist Husan Muqimov “yo‘l o‘tkazgich Alisher Navoiy ko‘chasi ustidan o‘tadi” degan norasmiy ma’lumotga tayanib, birlamchi tahlil o‘tkazgan. Uning xulosalariga ko‘ra, yo‘l inshooti qurilishi davomida bir qator binolarni buzishga, daraxtlarni kesishga to‘g‘ri keladi, ayrim nuqtalarda trotuarlar yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.

Urbanist Husan Muqimovning City Planner kanalidan olindiUrbanist Husan Muqimovning City Planner kanalidan olindi

“Shahar ichida qurilgan yo‘l o‘tkazgichlarning atrofi o‘z jozibadorligini yo‘qotadi va o‘lik hududga aylanadi. Bu shu atrofda joylashgan uy va ofislarning nufuziga ham salbiy ta’sir qiladi… Ushbu yo‘l o‘tkazgich qurilishi murakkab va qimmat tadbir. Ko‘prik va katta yo‘llar qurish tirbandlikning oldini olmasligi haqida avval ham yozilgan. Eng muhimi, bu — Toshkentning tarixiy, gavjum qismi o‘ziga xosligini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi”, deb yozgan Muqimov.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, shahar ichida yo‘l o‘tkazgich qurilishi ushbu inshoot buyurtmasini o‘zlashtirayotganlardan boshqa barchaning hayotini qiyinlashtiradi va qimmatlashtiradi. U avvalroq shaharda 12 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi haqida berilgan bayonotlarni eslarkan, Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida rejalashtirilayotgan yo‘l o‘tkazgich quriladigan bo‘lsa, “shaharliklar hayotini qiyinlashtiradigan va qimmatlashtiradigan bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi”, deb hisoblashini bildirgan. “„Gazeta.uz“ loyihani ochiq muhokama qilishga chaqirmoqda. Men esa to‘xtatishga chaqiraman”, — deb qo‘shimcha qilgan Otabek Bakirov.

“Navoiy ko‘chasida tirbandlik yo‘q-ku?”

Navoiy ko‘chasi 2022-yili to‘liq rekonstruksiya qilingan edi. Rekonstruksiyaning dastlabki rejasi bo‘yicha u to‘laqonli shossega aylanib qolishi kerak edi, ammo “Gazeta.uz”ning ushbu masalada prezidentga qilgan ochiq murojaatidan so‘ng loyiha, xorijiy mutaxassislarni jalb etilgani holda, qayta ko‘rib chiqilgan edi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida tirbandliklar muammosi sabab yo‘l o‘tkazgich qurish zarurati aytilgach, ko‘plab mushtariylar kommentlarda Navoiy ko‘chasida tirbandliklar bilan bog‘liq vaziyat hozirda yaxshi ekanini qayd etib o‘tgan.

Jumladan, Asror Ikramov ismli foydalanuvchi Navoiy ko‘chasida juda katta o‘zgarish borligini ta’kidlarkan, “oldinlari Beruniydan Detskiy mirgacha taxminan 40 daqiqa vaqt ketardi, hozir uzog‘i bilan 15 minutda yetib olasiz”, deb yozgan. Daston Dao ham “hozir Navoiy ko‘chasida yurish juda mazza bo‘lib qolgani”ni, “tirbandliklar deyarli yo‘q ekani”ni ta’kidlagan.

Kommentlarda bir qator mushtariylar muhokamadan naf yo‘qligi, agar qaror qabul qilib bo‘lingan bo‘lsa, ko‘prik baribir qurilishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, aksariyat mushtariylar ushbu masala bo‘yicha vakolatli, qobiliyatli mutaxassislar munosabat bildirishi lozimligini yozgan.

Prezident matbuot kotibining munosabati

Prezident matbuot xizmati “Gazeta.uz”ning Toshkentdagi Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari chorrahasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi bahsli qaror ekani, loyiha qayta ko‘rib chiqilishi kerakligi haqidagi maqolasiga munosabat bildirdi.

“Shaharda o‘tkir tirbandlik muammosi turibdi. Va har yili vaziyat yomonlashmoqda. Agarda shunday loyiha bo‘lsa, uni ishlab chiqishga eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinadi va, albatta, jamoatchilik fikri ham inobatga olinadi. Hozir esa qandaydir xulosa yoki taxminlar chiqarishga hali erta”, — dedi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.