Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida homilador ayol chaqalog‘i bilan vafot etgani haqidagi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, 14-iyul soat 06:45 da Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga O‘rtachirchiq tumani “Gulobod” MFY da yashovchi 1993-yil 28-fevralda tug‘ilgan fuqaro M.D. murojaat qilgan.

“Bemor muassasaga olib kelinganida ahvoli o‘ta og‘ir, terisi rangpar, sovuq ter bosgan, arterial qon bosimi 70/40 mm simob ustuniga teng, tana harorati 39,5 daraja, tananing shilliq qavatlari ko‘kimtir rangda, karaxt va savollarga aniq javob bera olmaydigan holatda bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qabul vaqtida unga “Homiladorlik-2″, 38 hafta tug‘uruq, sepsis. I-II darajali septik shok” dastlabki tashxisi qo‘yilib, zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shundan so‘ng navbatchi brigada akusher-ginekologlari hamda anesteziolog-reanimatolog tomonidan barcha zarur reanimatsion muolajalar amalga oshirishga kirishilgan.

Dastlab ikki tomonlama periferik vena, keyinchalik markaziy vena kateterlanib, markaziy venoz bosim past bo‘lgani uchun shokka qarshi, yurak-qon tomir, nafas olish tizimini qo‘llab-quvvatlovchi tezkor chora-tadbirlar o‘tkazilgan.

Shuningdek, bemor o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasiga o‘tkazilgan. Biroq markaziy vena orqali bajarilgan massiv infuzion muolajalar va jadal reanimatsion terapiyaga qaramay, uning gemodinamikasi tiklanmagan.

Oqibatda 14-iyul soat 07:30 da bemorda klinik o‘lim holati qayd etilgan. “Navbatchi anesteziolog-reanimatolog shifokorlar tomonidan yurak-o‘pka reanimatsiyasi 40 daqiqa davomida olib borildi, lekin yurak faoliyati tiklanmadi. Oqibatda soat 08:10 da bemorda biologik o‘lim kuzatildi”.

Ushbu holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.